Noqonuniy mahsulot manziliga yetib borolmadi
Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi "Ayritom" chegara bojxona posti orqali qo‘shni davlatdan mamlakatimizga o‘tish uchun kirib kelgan Hayit To‘rayev (ism-sharif o‘zgartirildi) boshqaruvidagi yuk avtotransport vositasi belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazildi.
Ko‘rik chog‘ida uning rentgen tasvirlari bojxona xodimlarida shubha uyg‘otdi. Yuk avtomashinasi chuqurlashtirilgan bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida shinalari ichiga berkitilgan qiymati 129 million so‘mlik besh ming quti "Esse change" nomli sigaret mahsulotlari borligi aniqlandi.


Viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, ayni paytda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari dastlabki tekshiruv harakatlarini olib bormoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri