Noqonuniy gaz savdosiga qarshi reydlar davomida 3 mingdan ziyod gaz balloni saqlanayotgani aniqlandi
Respublika bo‘ylab o‘tkazilgan reyd tadbirlarida suyultirilgan gazni noqonuniy saqlash va qimmat narxlarda sotish bilan bog‘liq 120 dan ortiq holat aniqlandi. Ularning 39 tasida gaz ta’minoti idoralari xodimlarining aloqadorligi fosh etildi.
Mamlakatda tabiiy gaz tarmoqlariga ulanmagan hududlar aholisini suyultirilgan gaz bilan uzluksiz ta’minlash, ajratilgan resurslarning maqsadli taqsimlanishini nazorat qilish choralari kuchaytirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 12-sentabrdagi aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash tizimini isloh qilishga qaratilgan qarorida sohada bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish, gaz resurslaridan samarali foydalanish hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari belgilangan.
Shunga qaramay, ayrim shaxslar aholi uchun ajratilgan gaz ballonlarini noqonuniy ravishda saqlab, ularni belgilangan tartibga zid ravishda qimmat narxlarda sotish orqali daromad olishga urinmoqda.
Bunday qonunbuzilishlarning oldini olish maqsadida Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va «O‘zenergoinspeksiya» xodimlari hamkorligida respublika hududlarida reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning 19–21-oktabr kunlari o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida mamlakat bo‘yicha 120 dan ortiq qonunbuzilish holati fosh etildi. Shundan 39 tasida gaz ta’minoti idoralari xodimlarining bevosita aloqadorligi aniqlandi.
Tadbirlar natijasida noqonuniy muomalada bo‘lgan 3 mingdan ziyod gaz balloni hamda ularda saqlangan 13 636 kilogramm suyultirilgan gaz mahsuloti ashyoviy dalil sifatida olindi.
Jizzax viloyatida 9 ta holat bo‘yicha sotish maqsadida noqonuniy saqlangan 239 ta gaz balloni aniqlandi. Xususan, Zomin tumani gaz ta’minoti bo‘limida ilgari yuqori lavozimlardan birida ishlagan shaxs qarindoshiga tegishli xonadonda 152 ta gaz ballonini yashirincha saqlab kelgani ma’lum bo‘ldi.
Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida esa gaz ta’minoti bo‘limi mansabdor shaxslaridan birining uyidan hujjatlarsiz saqlanayotgan 30 ta gaz balloni olindi.
Samarqand viloyatidagi tezkor tadbirda Urgut tuman gaz to‘ldirish shoxobchasi qorovuli gaz bilan to‘ldirilgan 3 ta ballonni 2,5 million so‘mga sotayotgan vaqtda qo‘lga olindi.
Pastdarg‘om tumanida yashovchi, 1972-yilda tug‘ilgan fuqaroning xonadonidan esa gaz bilan to‘ldirilgan 22 ta ballon topildi. Ma’lum qilinishicha, u ballonlarni tuman gaz ta’minoti bo‘limi haydovchisidan 70 ming so‘mdan sotib olib, iste’molchilarga 100 ming so‘mdan sotgan.
Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumanida ham qonunbuzilish holati fosh etildi. Tuman gaz ta’minoti bo‘limi muhandisi va chilangari aholiga yetkazib berish uchun mo‘ljallangan 8 ta gaz ballonini o‘z xonadonlarida noqonuniy sotish maqsadida saqlab kelgan.
Surxondaryo viloyatida o‘tkazilgan reydlar davomida noqonuniy saqlangan 65 ta gaz balloni tegishli tartibda hujjatlashtirildi. Jumladan, Bandixon tumanida yashovchi 39 yoshli fuqaro tuman gaz ta’minoti bo‘limi haydovchisidan 70 ming so‘mdan xarid qilgan 32 ta ballonni iste’molchilarga qimmatroq narxda sotishni rejalashtirgan.
Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida gaz ta’minoti bo‘limi haydovchisining uyidan ham 26 ta gaz balloni protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Shu kabi holatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Namangan va boshqa hududlarda ham aniqlangan.
Mas’ul idoralar ma’lumotiga ko‘ra, aholi uchun ajratilgan suyultirilgan gazning noqonuniy muomalasiga qarshi reyd tadbirlari muntazam davom ettiriladi. Aniqlangan holatlar yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘riladi.
Hamroz Bayonov,
O‘zA