Noinsoniy, noqonuniy savdo
Odam savdosi og‘ir jinoyat va inson huquqlarini qo‘pol ravishda buzilishi demakdir. Dunyodagi har bir mamlakat ushbu jinoyat uchun jazoni mustaqil ravishda belgilaydi. Jinoyatchilikning bu mudhish turiga qarshi kurashish va uning oldini olish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti(BMT)ning bir qator tavsiya va majburiy xarakterga ega bo‘lgan hujjatlari qabul qilingan.
– Odam savdosiga qarshi kurashish borasida 2020 yilning 17 avgustida yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida” gi Qonuni qabul qilindi, – deydi Jizzax viloyat sudi raisi O‘tkirjon Jumayev. – Qonunda odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha muhim tamoyillar belgilanib, asosiy tushunchalarga aniq ta’riflar berilgan. Bu, o‘z navbatida, odam savdosi bilan shug‘ullanuvchilarni jinoiy ta’qib etish, shuningdek, jabrlanuvchilarning huquqiy manfaatlarini himoyalashda qonuniy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Jenevada Xalqaro Migratsiya Tashkiloti(XMT)ning Toshkentdagi to‘laqonli vakolatxonasini ochishni ko‘zda tutuvchi O‘zbekiston va XMT o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolangan bo‘lib, O‘zbekistonning 2019 yilda tashkilotning to‘laqonli a’zosiga aylanishi respublika bilan tashkilot o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirishga muhim ahamiyat kasb etdi.

– Xalqaro tajribalarni hisobga olgan holda “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida” gi qonun yangi tahrirda qabul qilinib, BMTning statistik ma’lumotlariga ko‘ra, odamlar kamida 127 mamlakatdan sotuvga chiqmoqda va ular 137 davlatda ekspluatatsiya qilinmoqda. Shuningdek, har yili turli hisob-kitoblarga ko‘ra, 20-40 million kishi quldorlikning zamonaviy shakli qurboniga aylanyapti, – deydi O‘tkirjon Jumayev. – Mazkur muammoning aniq ko‘lamini bilish juda ham qiyin, zero jinoiy faoliyat yashirin sodir etiladi. Ayniqsa, statistika mavjud emas, buni yuritib ham bo‘lmaydi. Xalqaro darajada odam savdosi qurbonlarining atigi 0,04 foizigina aniqlangan, xolos. Odamfurushlarni jinoiy javobgarlikka tortish darajasi nihoyatda past bo‘lib, ularning aybdorligini isbotlovchi dalillarni topish juda ham mushkul.

Misol uchun, 2016 yili jahon bo‘ylab 14 ming 894 sud ishi ochilgan va ularning faqat 9 ming 71 tasida jinoyatchilar sudlangani yuqoridagi fikrimizga isbot.
Darhaqiqat, dunyo bo‘ylab shuncha keng qamrovli amaliyot, tegishli targ‘ibot-tashviqot olib borilishiga qaramay, har yili millionlab insonlar “zamonaviy qullik” ya’ni odam savdosi qurboniga aylanmoqda. Ular orasida ayolar, qizlar, keksalar, hatto yosh bolalar ham borligi ayanchli. Ushbu jinoyatning rivojlanishiga turtki bo‘layotgan asosiy omillardan biri odamlarning chet elga borish va ishga joylashish haqida yetarli ma’lumotga ega emasligidir.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda har yili taxminan 2 million 700 ming kishi odam savdosining qurboniga aylanmoqda. Xalqaro ekspertlarning baholashicha, ushbu jinoyat natijasida olinayotgan yillik daromad miqdori 7 milliard AQSH dollaridan oshgan. Tashvishlanarlisi, odam savdosi jinoyatidan jabrlanganlarning 80 foizi ayollar va bolalardir. Har yili dunyo bo‘yicha 600-800 ming nafar xotin-qizlar va bolalar aldov yo‘li bilan xorijiy mamlakatlarga sotib yuborilmoqda.
– Odam savdosiga qarshi kurash borasida ko‘plab targ‘ibot-tashviqot tadbirlari o‘tkazilishiga qaramay viloyatimizda ham odam savdosi qurboniga aylangan fuqarolar bor, – deydi Jizzax viloyat sudi raisi O‘tkirjon Jumayev. – Viloyatning jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlarida 2023 yilning birinchi yarmida 4 nafar shaxsga nisbatan 4 jinoyat ishi ko‘rilgan bo‘lib, sudlanuvchilardan 3 nafarini ayol, 1 nafarini erkak tashkil etadi. Bulardan 1 nafar shaxsga nisbatan ozodlikni cheklash, 3 nafariga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlangan. Mazkur 4 jinoyat ishi bo‘yicha 7 nafar ayol fohishabozlik yoki boshqa shahvoniy ekspluatatsiya maqsadida chet elga olib chiqib ketilmoqchi bo‘lingan. Ulardan 2 nafari Qozog‘iston Respublikasiga, 1 nafari Rossiya Federatsiyasiga, 1 nafar ayol Birlashgan Arab Amirliklariga va 3 nafar ayol boshqa davlatlarga mamlakatimizdan yashirincha olib ketilmoqchi bo‘linganda mutasaddi idora xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, odam savdosining har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashish xalqaro darajada jiddiy yondashuv va o‘zaro huquqiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan holda amalga oshirilsagina o‘z samarasini beradi.
A.QAYUMOV,
O‘zA