Nogironlikni baholashda ijtimoiy modelga o‘tilmoqda
Ijtimoiy himoya milliy agentligi Navoiy viloyati boshqarmasida “Funksionallik va nogironlik haqida zamonaviy tushuncha” mavzusida seminar-trening tashkil etildi.
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan ishlash shu’basi mutaxassislari, psixologlari va ijtimoiy xodimlar ishtirok etgan seminarda sog‘lig‘i, hayot faoliyatining (funksiyalarining) cheklanishi xalqaro klassifikatsiyasi asosida fuqarolarga nogironlikni belgilashning ijtimoiy modeliga o‘tish konsepsiyasi hamda uning tamoyillarini amalga oshirish bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berildi.
Ta’kidlanishicha, Ijtimoiy himoya milliy agentligi Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti (GIZ) ko‘magida nogironlikni aniqlash metodologiyasini ishlab chiqmoqda. Bu metodologiya Xalqaro faoliyat tasnifi va nogironlarning huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya asosida faoliyatni baholashni o‘z ichiga oladi.
3 kun davom etgan seminarda xalqaro ekspertlar tomonidan funksionallik, nogironlik va salomatlikning xalqaro tasnifi, WHODAS 2.0 yo‘riqnomasi, biopsixoijtimoiy modeli haqida tushunchalar berildi.
[gallery-18073]
– Seminar interaktiv tarzda tashkil etilib, nazariy olgan bilimlarimizni amaliy mashg‘ulotlarda mustahkamladik, – deydi Zarafshon shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan ishlash shu’basi bosh mutaxassisi Shoira G‘iyosova. – Jumladan, amaliy mashg‘ulotlar davomida WHODAS 2.0 yo‘riqnomasi asosida tayyorlangan so‘rovnomalarni o‘tkazish va xalqaro konvensiya asosida nogironligi bo‘lgan shaxslar faoliyatini baholashni o‘rgandik. Shuningdek, xalqaro ekspertlardan savollarimizga atroflicha javob oldik. Bugungi olgan bilimlarimiz, albatta, faoliyatimizda qo‘l keladi.
Seminar-trening yakunida ishtirokchilarning olgan bilimlari bo‘yicha test sinovlari bo‘lib o‘tdi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari