Nogironligi bo‘lgan shaxsni ishga olgan tadbirkorga qanday imtiyozlar beriladi?
O‘z ish joyiga va hunariga ega bo‘lish insonning nafaqat daromad manbai, balki jamiyatda o‘rnini topishi, qobiliyatini namoyon etishi va mustaqil hayot kechirishi muhim.
Shu bois nogironligi bo‘lgan shaxslarni mehnat bozoriga jalb etishda faqat ish izlovchini qo‘llab-quvvatlashning o‘zi yetarli emas. Bu jarayonda ish beruvchilar uchun ham rag‘bat va imkoniyatlar yaratilishi lozim.
Xo‘sh, imkoniyati cheklangan shaxslarni ishga qabul qilgan tadbirkorlar uchun qanday yordam turlari va imtiyozlar mavjud?
Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, nogironligi bo‘lgan shaxsni ishga qabul qilgan tadbirkorga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3 baravari miqdorida subsidiya ajratiladi. Bu mexanizm ish beruvchi uchun qo‘shimcha rag‘bat bo‘lishi bilan birga, nogironligi bo‘lgan shaxslarning doimiy ish o‘rinlariga ega bo‘lishiga xizmat qiladi. Ya’ni, mehnat bozorida imkoniyatlar tengligini ta’minlash faqat ijtimoiy vazifa emas, balki tadbirkorni ham qo‘llab-quvvatlaydigan tizimga aylanmoqda.
Qo‘llab-quvvatlash faqat ishga qabul qilish bilan cheklanmaydi. Nogironligi bo‘lgan shaxsning ish joyida samarali faoliyat yuritishi uchun zarur xizmatlarni tashkil etishda ham tadbirkorlarga subsidiya ajratiladi. Jumladan, surdotarjimon xizmati uchun BHMning 8 baravarigacha, psixolog xizmati uchun BHMning 10 baravarigacha hamda hamrohlik xizmati uchun BHMning 5 baravarigacha miqdorida subsidiya beriladi.
Bu yerda masalaning yana bir muhim jihati bor. Nogironligi bo‘lgan shaxsni ishga qabul qilishning o‘zi uning mehnat jarayonida to‘liq ishtirok etishini kafolatlamaydi. Ayrim hollarda xodimga muloqot qilish, psixologik moslashish yoki ish joyiga borish-kelishda qo‘shimcha ko‘mak zarur bo‘lishi mumkin. Shuning uchun subsidiyalar tizimi ishga qabul qilishdan tortib, xodimning mehnat faoliyatini davom ettirishigacha bo‘lgan jarayonni qamrab olishga qaratilgan.
Mehnat bozorida imkoniyatlar tengligi aynan shunday yondashuvdan boshlanadi. Ish beruvchi uchun zarur sharoit yaratilsa, nogironligi bo‘lgan shaxs uchun esa munosib ish o‘rni va zarur ko‘mak ta’minlansa, ijtimoiy himoya bilan bandlik o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik yanada mustahkamlanadi.
Eng muhimi, nogironligi bo‘lgan shaxs mehnat bozorida faqat yordam oluvchi emas, balki o‘z mehnati, bilimi va salohiyati bilan iqtisodiy jarayonda ishtirok etuvchi faol inson sifatida namoyon bo‘lishi uchun imkoniyat kengayadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA