Nogironlar kunida mehr va shodlik ulashildi
3-dekabr – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan Guliston tumanidagi “Zebiniso ona” tantanalar uyida samimiyat, mehrga to‘la bayram tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Nogironlar jamiyatining viloyat va tuman bo‘limlari, shuningdek Ko‘zi ojizlar jamiyatining Guliston tumani a’zolari hamda jamiyatning 100 nafardan ortiq faollari ishtirok etishdi. Barcha qatnashchilarni mehr, qo‘llab-quvvatlash va hamjihatlik ruhi birlashtirdi.


Guliston tumani hokimi vazifasini bajaruvchi Olimjon Jo‘rayev yig‘ilganlarni bayram bilan chin dildan muborakbod etar ekan, bugungi kunda davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlar eng avvalo inson qadrini ulug‘lash, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning hayotini osonlashtirish va ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilganini alohida ta’kidladi. Shuningdek, hokim nogiron fuqarolarning hayotini yanada osonlashtirish va ularning ijtimoiy hayotga to‘liq jalb etilishini ta’minlash masalalariga e’tibor qaratdi.

Tadbir davomida so‘z olgan jamiyat faollari va ishtirokchilar bugungi e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun minnatdorlik bildirishdi. Ular bunday ezgu ishlar yanada ko‘payishi, nogironligi bor har bir fuqaroga mehr va qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatilishi lozimligini bildirishdi.

Bayram dasturining badiiy qismida tuman Madaniyat markazi xodimlari tomonidan jo‘shqin kuy-qo‘shiqlar, sahna chiqishlari namoyish etildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri