Nodirbek “Sohibqiron kubogi” sohibi
Avval xabar berganimizdek, Samarqandda shaxmat bo‘yicha ilk marotaba o‘tkazilgan “Sohibqiron kubogi-2021” xalqaro turnirining g‘olib va sovrindorlari aniqlandi.
Umumiy mukofot jamg‘armasi 50 ming dollar bo‘lgan turnirda mamlakatimiz va o‘nga yaqin chet davlatlarning iqtidorli shaxmatchilari qatnashdi.
Qizg‘in va murosasiz kechgan musobaqaning rapid yo‘nalishida dastlabki uchta o‘rinni yurtimiz shaxmatchilari qo‘lga kiritdi.
Turizm va sport vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, yaqinda Georgiy Agzamov xotirasiga bag‘ishlangan 14-an’anaviy xalqaro turnirda omadi chopmagan Nodirbek Abdusattorov bu safar bexato harakat qildi va 1-o‘rinni egalladi. Keyingi o‘rinlardan Shamsiddin va Jahongir Vohidovlar joy oldi. 4-o‘rin armanistonlik Manuyel Petrosyanga nasib etdi.

Xalqaro turnirda o‘zbekistonlik Abdumalik Abdusalimov, Muhammadzohid Suyarov, Afro‘za Hamdamova, Umida Omonova, Asal Salimova va qozog‘istonlik Aitkazi Baymurzin o‘z yo‘nalishlarida g‘oliblikka erishdi.
“Sohibqiron kubogi-2021” turnirining g‘olib va sovrindorlari tegishli darajadagi diplom, medal va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA