Nodirbek Abdusattorov Parijda "Esports World Cup-2026”da qatnashmoqda
Fransiya poytaxti Parij shahrida kibersport turlari bo‘yicha jamoalar o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Esports World Cup-2026” musobaqasining shaxmat yo‘nalishidagi asosiy bahslar boshlanmoqda.
Dunyoning 16 nafar eng kuchli shaxmatchisi qatorida hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov ham o‘ziga xos musobaqada g‘oliblik uchun bahs olib bormoqda.

Musobaqalarga tashlangan qur’a natijasiga ko‘ra, Nodirbek Abdusattorov, fransiyalik Alireza Firuzja, hindistonlik Arjun Erigaisi, Pranav, Nihal Sarin, xitoylik Vey I, polshalik Jan-Krishtof Duda, niderlandiyalik Benyamin Bok “A” guruhida, norvegiyalik Magnus Karlsen, eronlik Sina Movahed, amerikalik Hans Moke Niyemann, Hikaru Nakamura, rossiyalik Andrey Yesipenko, Yan Nepomnyashiy, serbiyalik Alekey Sarana, belaruslik Denis Lazavik “B” guruhida g‘oliblik uchun kurash olib boradi.

Har bir guruhda kuchli to‘rtlikdan joy egallagan shaxmatchi, ya’ni 8 nafar ishtirokchi guruh o‘yinlari orqali hal qiluvchi pley-off bosqichiga yo‘l oladi.
Bugun, 12-avgust kuni Nodirbek Abdusattorov guruh bosqichining ilk o‘yinida hindistonlik Pranav bilan kuch sinashadi.
“Esports World Cup-2026”ning shaxmat musobaqalari 15-avgustga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA