NNTlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish – muhim
Poytaxtimizda Toshkent shahar hokimligi tomonidan “Nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqlari va manfaatlariga daxldor bo‘lgan normativ hujjatlar hamda maqsadli loyihalarni amalga oshirishda grant tanlovlarining ahamiyati” mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda sohani tartibga soluvchi qonunchilikdagi yangiliklar, NNTlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari uchun e’lon qilingan grant tanlovlarida faol ishtirok etish masalalari muhokama qilindi.

Davra suhbati davomida grant tanlovlarida qatnashish tartibi, loyiha takliflarini talablar asosida tayyorlash, loyiha hujjatlari sifatini oshirish hamda moliyalashtirish uchun tanlab olingan tashabbuslarni samarali amalga oshirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Shuningdek, davlat grantlarini manzilli yo‘naltirishda nodavlat notijorat tashkilotlarining o‘rni, ijtimoiy foydali dasturlarni qo‘llab-quvvatlash va loyihalarni platformalar orqali samarali yuritish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
G.Boboyeva,
O‘zA