NNTlar rahbarlarining malakasi oshirilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasida nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlarining malakasini oshirishga qaratilgan o‘quvlar tashkil etildi.
Prezidentimizning “2021–2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash, mamlakatda kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish maqsadida tashkil etilgan mazkur o‘quvlar Davlat boshqaruvi akademiyasi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi hamda O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi o‘rtasida tuzilgan o‘zaro hamkorlik memorandumi asosida amalga oshirildi.
Dastlab, mazkur malaka oshirish o‘quvlariga tanlov ommaviy axborot vositalari hamda O‘zNNTMAning ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalari orqali keng ommaga e’lon qilindi. Unda ishtirok etish maqsadida respublikamizning barcha viloyatlaridan 130 ga yaqin nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlarining arizalari kelib tushdi. Arizalar tanlov komissiyasi tomonidan ikki bosqichda saralandi. Tanlovda nazarda tutilgan talablar asosida 50 nafar nodavlat notijorat tashkilotlarining rahbarlari tanlab olindi.
– Joriy yilning 22 noyabridan 3 dekabrga qadar davom etadigan mazkur malaka oshirish o‘quvlari 72 soatlik maxsus o‘quv-reja asosida olib boriladi, – dedi O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi raisi Kamoliddin Eshonxo‘jayev. – O‘quvlarda NNTlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, davlat idoralari bilan ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish, ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, qolaversa, moliyaviy barqarorlikka erishish, xorijiy tajriba hamda rahbar xodimning shaxsiy kompetentligini oshirish masalalariga e’tibor qaratiladi. O‘quvlarni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga Davlat boshqaruv akademiyasining sertifikatlari topshiriladi.
Ushbu malaka oshirish kurslari mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan nodavlat va notijorat tashkilotlarining davlat va jamiyat qurilishning ustuvor masalalarini amalga oshirish, erkin, ochiq, kuchli fuqarolik jamiyatini qurish, jamiyat hayotini yanada erkinlashtirish va demokratlashtirishdagi ishtirokini faollashtirishga xizmat qiladi.
Yuqorida qayd etilgan memorandumdan kelib chiqib, shu kabi qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari doirasida kelgusi yilda 100 nafar, 2023 yilda 150 nafar, 2024 yilda 200 nafar hamda 2025 yilda 250 nafar NNTlar vakillarini o‘qitish reja qilingan.
Gulnoza Boboyeva, Temur Mamadaminov (surat), O‘zA