“NKMK”da xalqaro standart joriy etiladi
“CERT International” tashkiloti tomonidan “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatiga ISO 37001:2016 xalqaro standart sertifikati topshirildi.
Sertifikatni “NKMK” AJ boshqaruvi raisi – bosh direktori Quvondiq Sanaqulov qabul qilib oldi.
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati faoliyatida xalqaro standartlarni joriy etish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaga qarshi kurash borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.

Joriy yilda kombinatda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida tashkil etilgan boshqaruv tizimi va mexanizmlar “Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi” ISO 37001:2016 xalqaro standarti talablariga muvofiqligi “CERT International” tashkiloti tomonidan tashqi auditdan o‘tkazildi.
Sertifikatni topshirishga bag‘ishlangan tadbirda mazkur xalqaro standart kompaniyada korrupsiyaga qarshi kurashning samarali tizimini yaratishning xalqaro usullarini o‘zida jamlash va korrupsiyaga qarshi mukammal boshqaruv tizimini yo‘lga qo‘yishga xizmat qilishi aytildi.

– Komplayens xizmatining asosiy vazifalari korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga chek qo‘yish va ularni keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni aniqlab bartaraf etish chorlarini ko‘rishdir, – deydi “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati komplayens xizmati boshlig‘i Rustam Avezov. – Korxonamizda doimiy ravishda ishchi-xodimlar uchun huquqiy targ‘ibot va profilaktik tadbirlar o‘tkazilib, xaridlar sohasini nazorat qilish, o‘rganish va xizmat tekshiruvlarini o‘tkazish, xalqaro sertifikatlarni olish hamda xodimlarning malakasini oshirish borasida ishlar olib borilmoqda.
“NKMK” AJda faoliyatida ISO 37001:2016 xalqaro standarti joriy etilishi kompaniyaga nisbatan fuqarolarning ishonchini oshirish, kombinatning xalqaro nufuzi va imidjini yuksaltirish uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri