NKMK yuksalish sari dadil odimlamoqda
Sarhisob
Har bir yil o‘z nihoyasiga yetar ekan, albatta, sarhisob qilinadi. Nimalarga erishildi-yu, rejadagi qay bir yumush bajarilmay qoldi. Kelgusida yo‘l qo‘yilgan xatolarni takrorlamasdan, aniq maqsadlar sari ishni tashkil etish belgilab olinadi. Bu esa soha rivojida muhimdir.
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati respublikamizdagi eng yirik korxonalardan biri bo‘lib, ayni paytda turli millat va elat vakillari bir oila bo‘lib mehnat qilmoqda.
Yakunlangan yilda o‘zining 65 yilligini nishonlagan kombinat geografik jihatdan keng hududda joylashgan. Navoiy, Samarqand, Jizzax, Surxondaryo, Xorazm viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘zining turli ishlab chiqarish bo‘linmalariga, kon va shaxtalariga, 7 ta gidrometallurgiya zavodiga ega.
Jahonning boshqa oltin qazib oluvchi kompaniyalaridan farqli ravishda kombinat geologiya-qidiruv ishlaridan tortib, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishgacha bo‘lgan yirik sanoat klasteri hisoblanadi. Kombinat 2023 yilda jahon oltin ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyalar o‘rtasida 7-o‘rindan 4-o‘ringa ko‘tarildi.
Kombinatning ellik sakkiz yillik tarixida to‘rtta zavod barpo etilgan bo‘lsa, keyingi yetti yilda to‘rtta – 5, 6, 7-zavodlar, 2-gidrometallurgiya zavodining yiliga 12 million tonna ma’danni qayta ishlaydigan ikkinchi navbati foydalanishga topshirildi.
– Bugungi kunda Navoiy kon-metallurgiya kombinatida 2026 yilgacha qimmatbaho metallarni ishlab chiqarishni oshirish dasturi asosida 2017-2023 yillarda 23 ta yirik investitsion loyiha ishga tushirilib, qariyb 15 mingta yangi ish o‘rni yaratildi, – deydi “NKMK” AJ Byudjetlashtirish va kontrolling bo‘limi boshlig‘i Umidjon Kostayev. – Buning hisobiga 2023 yilda 2016 yilga nisbatan oltin ishlab chiqarish hajmi 25 foizga, kumush ishlab chiqarish hajmi 46 foizga, shuningdek, ma’dan qazib olish hajmi 2,3 barobarga, ma’danni qayta ishlash hajmi esa 1,6 barobarga oshdi. Birgina, 2023 yilda kombinatda 67,5 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, o‘sish sur’ati 2022 yilga nisbatan 103,8 foizga ta’minlandi. Mahsulot tannarxi 5,6 foizga kamaytirildi, byudjetga 37,3 trillion so‘m to‘lovlar amalga oshirildi.
Albatta, korxona rivojida Investitsiya dasturining alohida o‘rni bor. Jumladan, 2023 yilga mo‘ljallangan Investitsiya dasturi doirasida 12 ta loyiha bo‘yicha 473,5 million dollar kapital qo‘yilmalari o‘zlashtirildi.
– Amalga oshirilgan loyihalar natijasida korxonada oltin ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yillarga nisbatan sezilarli ravishda oshganini ko‘rish mumkin, – deydi Investitsiyalar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Olimjon Zaripov. – Ular orasida loyiha qiymati 274,7 million dollar bo‘lgan “Pistali” konida oltin tarkibli ma’danlarni qazib olish va qayta ishlash majmuasini qurish (6-GMZ)” investitsion loyihasi eng yirigi hisoblanadi. Ushbu zavodning yillik quvvati 4 million tonna ma’danni qayta ishlashga teng. Navoiy mashinasozlik zavodida “Mexanika-yig‘uv sexini texnik va texnologik qayta jihozlash (1-bosqich)” loyihasi asosida mexanika-yig‘uv sexi va qo‘ymachilik sexida 25 tonnalik zamonaviy pech ishga tushirildi.
Bundan tashqari, 2-gidrometallurgiya zavodida raqamlashtirilgan yagona boshqaruv markazi, “Muruntov” ohaktosh konida maydalash-saralash majmuasi barpo etildi.
2021-2023 yillarda kombinat tarixida ilk bor jamoa kuchi bilan “Turbay”, “Balpantov” va “Tomdibuloq” konlarini gidrometallurgiya zavodlari bilan bog‘lovchi 82,6 kilometrlik yangi temir yo‘l liniyasi barpo etilib, respublikamizda birinchilardan bo‘lib “2TE25KM” rusumli 10 ta zamonaviy ikki seksiyali teplovoz olib kelindi.
Shuningdek, Tomdi tumani hududida 504 o‘rinli ixtisoslashtirilgan maktab- internat va Qiziltepa tumani “To‘dako‘l” dam olish bazasida Xalqaro shaxmat maktabi qurilib, foydalanishga topshirildi.
Iqtisodiyotda amalga oshiriladigan tub tarkibiy o‘zgarishlarning muhim yo‘nalishlaridan biri import o‘rnini bosuvchi, eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarishlarni vujudga keltirish va rivojlantirishdir. Shu boisdan import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish yurtimizda yangi korxonalar tashkil etilishiga va mavjud korxonalarning ish hajmi va daromadlari, mahsulot sifati oshishiga olib keladi.
2023 yilda kombinatda jami mahalliylashtirish dasturi doirasida 629,5 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Sanoat kooperatsiyasi doirasida mahalliy korxonalardan 5,5 trillion so‘mlik mahsulot xarid qilindi.
[gallery-15639]
Bugun Navoiy mashinosozlik zavodi mahalliylashtirilgan mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha Navoiy kon-metallurgiya kombinatining eng asosiy tarmog‘i sanaladi. 3,5 ming nafardan ortiq ishchi-xodim ishlayotgan zavodda 15 ming turdan ortiq mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda va uning 97 foizi NKMK ehtiyoji uchun yo‘naltirilmoqda.
– Zavodning yillik ishlab chiqarish quvvati 1,2 trillion so‘mni tashkil etadi, – deydi zavod direktori Jahongir Hayitov. – Yaqin yillargacha gidrometallurgiya zavodlari uchun keng hajmdagi sharli tegirmonlar chetdan juda katta valyuta hisobiga olib kelingan. Misol uchun, hajmi 140 metr kub bo‘lgan sharli tegirmonni chetdan xarid qilishning import narxi 6 million dollarga teng. Bizda esa bu tegirmon yarim narxida ishlab chiqarilayapti. Zavodimizda keyingi yetti yilda ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida qabul qilingan dasturlar va loyihalar asosida 500 dan ortiq turdagi mahsulotlar o‘zlashtirildi. Natijada foydalanishga topshirilgan 5-, 6-, 7-gidrometallurgiya zavodi, yangi ochilgan va ishlab turgan konlar, 2-gidrometallurgiya zavodi ikkinchi navbati, 3-gidrometallurgiya zavodida zamonaviy majmua, “Muruntov” koni 5-navbatining 1-bosqichi qurilishida valyuta mablag‘larining iqtisod qilinishiga olib keldi.
Navoiy kon-metallurgiya kombinatida ham qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etishga qaratilgan ishlar jadallik bilan olib borilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 16 fevraldagi “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, kombinatda energiya samaradorlikni ta’minlash bo‘yicha texnik va tashkiliy chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.
– Ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish hisobiga katta hajmda elektr energiyasi hamda tabiiy gazni tejashga erishildi, – deydi “NKMK” AJ bosh energetigi Ikromjon Shukurulayev. – Shuningdek, kombinatda quyosh fotoelektr stansiyalarini joriy qilish bo‘yicha ham keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, 1450 kVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyalari ishga tushirilib, hozirda ular tomonidan yiliga 2,465 mln.kVt/soat quvvatga ega elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda. Shu bilan birga, rejaga qo‘shimcha ravishda 5750 kVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi. Natijada kombinat ma’muriy binolarinig elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyojining 50 foizidan ortig‘i qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan qoplandi.
Ayni paytda investitsiya loyihasi asosida “Auminzo-Amantoy” koni yaqinida 220 MVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha Birlashgan Arab Amirliklarining “Tepelen Group Holding Limited” kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlar olib borilmoqda. Fotoelektr stansiyasi ishga tushirilgach, yiliga 374 mln.kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.
2023 yilda jami 3346 dona vakuumli quyosh suv isitish qurilmasi ishlab chiqarilib, ob’ektlarga o‘rnatilishi natijasida ularning umumiy soni 4 993 taga yetkazildi. Natijada joriy yildan boshlab kombinat ob’ektlarining issiq suvga bo‘lgan ehtiyoji qayta tiklanuvchi manbaalar hisobidan 100 foizga ta’minlandi. Buning hisobiga yiliga 1,7 mln.m3 tabiiy gaz tejashga erishiladi.
Jamoaning bu yilgi rejalari ulkan. 2024 yilda ham kombinat jamoasi yirik loyihalarni amalga oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va yurtimiz iqtisodiyotini yanada rivojlantirishga xizmat qilishni o‘z oldiga maqsad qilishgan.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari