“NKMK” AJ: tanlov g‘oliblari taqdirlandi
“NKMK” AJ boshqarmasida Navoiy kon-metallurgiya kombinati yosh ishchi-xodimlari o‘rtasida 2024 yilda o‘tkazilgan “Eng yaxshi ratsionalizatorlik taklifi” tanlovi g‘oliblarini taqdirlash tadbiri o‘tkazildi.
Unda “NKMK” AJ Boshqaruvi raisi – Bosh direktori Q.Sanaqulov ishtirok etib, tanlov g‘oliblarini tabrikladi va kombinatda ishlab chiqarish jarayoniga ilmiy ishlanmalar, innovatsion g‘oya va ratsionalizatorlik takliflarini joriy etishga katta e’tibor berilayotganini alohida ta’kidladi.

So‘nggi yillarda korxona mutaxassislari tomonidan 37 ta yaratilgan ixtiroga respublika va xorijiy davlatlarning patentlari olingan. 2018-2024 yillarda 1253 ta ratsionalizatorlik taklifidan kombinat 556,2 milliard so‘m iqtisodiy samaradorlikka erishdi.
“Eng yaxshi ratsionalizatorlik taklifi” tanlovi komissiyasiga 271 nafar ishtirokchidan 276 ta ratsionalizatorlik taklifi kelib tushgan bo‘lib, 9 ta yo‘nalish bo‘yicha eng munosiblar g‘olib, deb topildi.

Jumladan, “Geologiya” yo‘nalishida Markaziy kon boshqarmasi “Muruntov” koni Gamma-aktivlashtirilgan tahlil markaziy laboratoriyasi boshlig‘i Alisher Qo‘ldoshev, “Konchilik ishi” yo‘nalishida Markaziy kon boshqarmasi “Muruntov” koni “Bessopantov-Chuqurquduq” kareri bosh muhandisi Shodlikjon Xudoyberdiyev, “Oltin ajratib olish texnologiyasi” yo‘nalishi bo‘yicha Markaziy kon boshqarmasi 7-gidrometallurgiya zavodi bosh muhandisining ishlab chiqarish bo‘yicha o‘rinbosari Olimjon Ahatov va “Oltinni uyumda eritmaga o‘tkazish sexi” koni bosh muhandisi Sardor Polvonov, “Mexanika” yo‘nalishi bo‘yicha “Qizilqum” kon boshqarmasi konstruktorlik byurosi muhandis-konstruktori San’atjon Ne’matov, “Energetika”, “Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish” va “Xavfsizlik texnikasi” yo‘nalishlari bo‘yicha Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish boshqarmasi Avtomatlashtirish bo‘yicha nostandart vositalarni tayyorlash laboratoriyasi boshlig‘i Sardor Norboyev, “Transport” yo‘nalishi bo‘yicha “Qizilqum” kon boshqarmasi “Qoraqo‘ton” koni ustasi Mirolim Urchinov, “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalar” yo‘nalishi bo‘yicha AKTB “Qizilqum” axborot texnologiyalar bo‘limi guruh muhandis-tizim ma’muri Sayfullaxon Xojiyev g‘oliblar safidan joy oldi.

– Bugun kombinatimizda innovatsiya, yangi texnik ishlanmalar, ratsionalizatorlik ishlari bilan shug‘ullanish uchun istiqbolli rejalar ishlab chiqilgan bo‘lib, turli tanlovlar orqali yoshlar muntazam rag‘batlantirilib kelinmoqda, – deydi “Muruntov” koni Gamma-aktivlashtirilgan tahlil markaziy laboratoriyasi boshlig‘i Alisher Qo‘ldoshev. – E’tibor va rag‘bat doim kombinat yoshlarini ruhlantirib, innovatsion g‘oyalar yaratishga chorlab kelayotir. Men ham bu kabi tanlovlarda bir necha yildan buyon qatnashib, g‘olib va sovrindorlar safida e’tiroflarga sazovor bo‘lib kelyapman. Mening “Tezlatgichlarning yuqori vakuumli magnit nasoslarini yuqori voltli ulagichlarining himoya izolyatsion xususiyatlarining sifatini yaxshilash va ularni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish” mavzusidagi ratsionalizatorlik taklifim 1-o‘ringa loyiq topildi. Laboratoriyamizda noyob texnologik asbob-uskunalar yordamida gamma-aktivlashgan nurlar orqali ma’danlardagi oltin miqdori aniqlanadi. Bu taklifim bugun korxona faoliyatiga tatbiq etilib, foyda berayotganidan mamnunman.

Tanlov g‘olib va sovrindorlari diplom va pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri