Nihoyat Venetsiyada O‘zbekiston milliy paviloni ochildi (+video)
Arxitektura ixlosmandlari uchun yilning orziqib kutilgan voqeasi – 18-Venetsiya me’morchilik biyennalesi o‘z eshiklarini ochdi. Jilokor va noyob inshootlari, qiziqarli mavzular bo‘yicha taqdimotlari bilan ishtirok etayotgan mamlakatimiz Milliy pavilonining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Arxitekturamiz tarixiga bag‘ishlangan “Unbuild together” tadqiqot ko‘rgazmasi mohir rassom, me’mor va olimlar tomonidan O‘zbekistonning ilg‘or madaniy-ma’rifiy g‘oyalarini keng jamoatchilikka namoyish etish yo‘lida tashlangan dadil qadamdir.
Darhaqiqat, bugun pavilonimizga tashrif buyurayotgan tomoshabin diyorimizning buyuk madaniyati, betakror me’moriy yodgorliklari, topilmalari, ajdodlarimiz yaratgan kashfiyotlar haqida muhim ma’lumotlarga ega bo‘lmoqda.
Kuratorlar e’tibori, aynan, qadimiy qal’alardan andoza olgan installyatsiyaga qaratiladi. Shuningdek, kishida bevosita zamonaviy tendensiyani o‘tmish ustalari yaratgan abadiy imoratlar bilan chambarchas bog‘lash istagi paydo bo‘ladi. Loyiha mualliflari pavilonimiz dunyo e’tiborini o‘ziga tortayotganini ta’kidlamoqda.
Yirik anjuman haqida gapiradigan bo‘lsak, “Venezia cocieta diCultura” biyennalesi har ikki yilda Venetsiyaning Kastello tumanida arxitektura, tasviriy san’at, kino, raqs, musiqa va teatr bo‘yicha o‘tkaziladigan xalqaro san’at ko‘rgazmasi hisoblanadi.
Masalan, usta kulol va rassom Abdulvohid Buxoriĭ ofisi Marokash va Fransiyada joylashgan “Studio KO” bilan hamkorlikda installyatsiya usulidan foydalangan holda yaratgan o‘ziga xos asar ko‘pchilikning e’tiborini tortmoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/61FRCSd_Otc" title="Ниҳоят Венецияда Ўзбекистон миллий павильони очилди" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Darvoqe, ulug‘vor va tarixiy ko‘rgazma 2023 yil 26 noyabrga qadar davom etadi. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi pavilon komissari vazifasini bajaryapti.
Behruz XUDOYBERDIEV,
Nishonboy ABDUVOITOV (tasvirchi),
O‘zA