Nihoyat “MYU” toʻxtatildi
Bu qachondir sodir boʻlishi kerak edi, axir hech qachon yutqazmaydigan jamoa yoʻq.
Bu qachondir sodir boʻlishi kerak edi, axir hech qachon yutqazmaydigan jamoa yoʻq. Ole Gunnar Sulsherning “Manchester Yunayted” klubi ham oʻzining ilk magʻlubiyatini kecha start berilgan UYEFA Chempionlar ligasining pley-off bosqichida qabul qilib oldi.
Seshanbadan chorshanbaga oʻtar kechasi aksariyat ishqibozlar nigohi “Old Trafford”ga qaratildi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. “Roma” va “Portu” jamoalariga hurmat saqlagan holda aytish kerak, “MYU” va PSJning muxlislari yurtimizda koʻpchilikni tashkil etadi. Buning ustiga, Sulsher boshqaruvida “qizil iblislar” hozirda ishonchli oʻyin namoyish etmoqdaki, bu “Man. Yunayted”ga boʻlgan hurmatimizni oshirmoqda.
Aksiga olib, muhim oʻyin oldidan “Pari Sen-Jermen” muammolar girdobida qoldi. Neymar ancha avval jarohat olib, CHL oʻyinlarida jamoasiga yordam berolmasligi aniq boʻlib ulgurgandi. Kamiga Liga 1 doirasida “Bordo” bilan oʻyinda Edinson Kavani ham jarohatga yoʻliqdi va “Old Trafford”dagi oʻyinni oʻtkazib yuboradigan boʻldi.
Bu vaziyatda PSJ qanday yoʻl tutadi, oʻng qanot vinger, yaʼni hujumkor yarim himoyachi pozitsiyasini kim egallaydi, degan savol koʻpchilikni oʻylantirayotgan edi. Va Tomas Tuxel buning antiqa yechimini topdi. Butun faoliyati davomida himoya chizigʻida toʻp tepib kelayotgan boʻlsa-da, oʻyin paytida uning na himoyachi, na hujumchi ekanligini farqlash qiyin boʻlgan Dani Alves vinger pozitsiyasiga oʻtkazildi va bu Sulsher uchun kutilmagan sovgʻa boʻldi.
Oʻyinni mezbonlar ehtiyotkorlik bilan, himoyaga tayangan holda boshlashdi va bu ularga qimmatga tushdi. Birinchi boʻlimni “Old Trafford”ga moslashish uchun sarflagan mehmonlar ikkinchi boʻlimda “qizil iblislar”ning metin qoyasiga aylangan De Xea darvozasiga birin-ketin ikkita gol urishdi. Avvaliga Kimpembe, biroz oʻtib esa nafaqat Fransiya, balki dunyo futbolining umidi sifatida qaralayotgan Kilian Mbappe “MYU” himoyachilarining xatosini kechirmadi. Eʼtiborlisi, PSJning har ikki goliga “Man. Yunayted”ning sobiq futbolchisi Anxel Di Mariya assistentlik qildi.
Mezbonlarning oʻyinni qutqarib qolish yoʻlidagi urinishlari esa hech qanday samara bermadi. Boz ustiga uchrashuv yakunlanishi arafasida “MYU” tarkibidagi eng faol oʻyinchi Pol Pogba ikkinchi bor ogohlantirilib, maydonni tark etdi va endi u Parijda kechadigan javob oʻyinida jamoasiga yordam berolmaydi. Aftidan Pogba “qizil iblislar”ning safarda ikki toʻp farqini yoʻqqa chiqarishiga ishonmagan koʻrinadi. Shu bois u Parijga parvoz qilishni ortiqcha deb bildi, chamamda.
Xullas, “MYU” birinchi oʻyinni boy berdi, ammo jang hali tugagani yoʻq. Uch haftadan keyin oʻtkaziladigan javob oʻyinida Sulsher jamoasi vaziyatni oʻnglay oladimi? Bu savolga koʻpchilik “yoʻq”, deya javob berishi mumkin, ammo unutmang, bu “Manchester Yunayted”.