“Nihol” guruhi mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida yoshlarning iste’dodini ro‘yobga chiqarish, ularni san’atga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish maqsadida “Iqtidor” maktab ansambli tanlovining hududiy bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tanlov Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi “Kelajak” markazlari tomonidan tashkil etildi. Unda umumta’lim maktablarining 6-10 sinf o‘quvchilari o‘zlarining musiqiy chiqishlari, sahna madaniyati va jamoaviy ijodkorlik ko‘nikmalarini namoyish etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida mazkur tanlovda ishtirok etish uchun 510 ta jamoa ro‘yxatdan o‘tdi. Joriy yilda “Maktab maslahatchisi” lavozimi joriy etilganidan so‘ng, bu tanlovga qatnashish istagini bildiruvchi jamoalar soni o‘tgan yilga nisbatan oshganligini ta’kidlash lozim.
[gallery-29284]
Tanlovning ochilishida Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti professori, O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq artisti Munojaat Yo‘lchiyeva, Respublika “Kelajak” markazi direktori Indira Xoldarova, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Kadirbay Ismailov, Pedagogik mahorat markazi direktori Gulistan Kojabayeva so‘zga chiqib, ishtirokchilarga omad tiladi.
Tanlov jonli ijroda (ansambl chiqishlari) milliy cholg‘ular yo‘nalishida o‘tkazildi. Mazkur loyiha yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning ijodiy salohiyatini rivojlantirish hamda milliy madaniyatimizni keng targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Tanlov yakunida birinchi o‘rinni Qonliko‘l tumani 1-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining “Nihol” guruhi, ikkinchi o‘rinni Amudaryo tumanidagi 55-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining “G‘uncha” guruhi, uchinchi o‘rinni Chimboy tumani 40-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining “Sahro sozandalari” guruhi egalladi.
Birinchi o‘rinni egallagan Qonliko‘l tumani 1-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining “Nihol” guruhi tanlovning yakuniy bosqichiga yo‘llanma oldi. Ta’kidlash joizki “Iqtidor” maktab ansambli tanlovi yakunida eng faol va iste’dodli jamoalar munosib taqdirlanadi hamda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoa xorijga ta’lim sayohatiga yuboriladi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.