Nigeriyada fojia: mahalliy aholi nishonga aylandi
Nigeriyaning shimoli-sharqidagi Yobe shtati hududida amalga oshirilgan harbiy aviatsiya zarbasi katta fojiaga sabab bo‘ldi. Mahalliy manbalar ma’lumotiga ko‘ra, hodisa oqibatida tinch aholi vakillari halok bo‘lgan. Zarba dastlab qurolli guruhlarga qarshi operatsiya sifatida baholangan, keyinchalik uning xatolik bo‘lgani tasdiqlandi.
“Amnesty International” qurbonlar orasida bolalar ham borligini ma’lum qilmoqda. Tashkilot vakillari hududdagi shifoxonalar mas’ullari hamda guvohlar bilan muloqot qilganini aytib, kamida 100 kishi halok bo‘lganini qayd etdi. Shu bilan birga, o‘nlab insonlar jarohat olib, davolanmoqda.
Hududda “Boko Haram” guruhi faolligi yuqori bo‘lib, harbiylar tez-tez havo zarbalari orqali ularga qarshi kurash olib boradi, biroq tahlilchilar razvedka ma’lumotlari va muvofiqlashuvdagi kamchiliklar sabab bunday “adashgan zarbalar” takrorlanayotganini ta’kidlamoqda.
Hukumat voqea yuzasidan rasmiy bayonot berib, zarba jangarilar to‘plangan hududga qaratilganini bildirdi. Shu bilan birga, harbiy operatsiya payti o‘lka fuqarolari ham jabr ko‘rgani tan olindi. Huquq himoyachilari esa mustaqil tekshiruv o‘tkazishni talab qilib, tinch aholi xavfsizligini ta’minlash masalasini yana bir bor kun tartibiga olib chiqmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA