Neymar JCH-2026 qaydnomasidan chetlatilishi mumkin
ESPN nashrining xabar berishicha, hozirda terma jamoada Neymarni tarkibdan chiqarib tashlash haqida o‘ylamayaptilar.
Hujumchi Neymar boldir mushagidan jarohat oldi. Yulduz braziliyalik futbolchiga tiklanish uchun vaqt kerak, biroq Jahon chempionati yaqinlashmoqda — turnir boshlanishiga ikki hafta qoldi. Braziliya terma jamoasi mundial oldidan Neymardan voz kechishga majbur bo‘lishi xavfi mavjud.
ESPN nashrining xabar berishicha, hozirda terma jamoada Neymarni tarkibdan chiqarib tashlash haqida o‘ylamayaptilar. Futbolchi davolanish kursini o‘taydi va 12 iyun kuni qayta tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. Ko‘p narsa aynan shu tekshiruv natijalariga bog‘liq bo‘ladi. Agar Neymarga yana uzoq vaqt davolanish kerakligi ma’lum bo‘lsa, uni yakuniy tarkibdan chiqarib tashlashlari mumkin.
FIFA qoidalariga ko‘ra, futbolchini Jahon chempionati uchun yakuniy ro‘yxatdan chiqarib tashlash va uning o‘rniga boshqasini qo‘shish uchun eng oxirgi muddat — jamoaning birinchi o‘yinidan 24 soat oldin. Ya’ni, Braziliya terma jamoasi Neymarni 13 iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 03:00 ga qadar almashtirishi mumkin. Bir sutkadan so‘ng «selesao» turnirdagi ilk o‘yinini Marokashga qarshi o‘tkazadi.
Ta’kidlash joizki, futbolchining jarohatini FIFA shifokori ham tasdiqlashi shart. Shu sababli, jiddiy jarohatsiz tarkibni o‘zgartirishning imkoni yo‘q.