Nestor Lorenso: Oʻzbekiston kuchli jamoalarga qarshi yaxshi natijalar qayd etgan
Jahon chempionati bizga kichik jamoalar yoʻqligini koʻrsatmoqda.
Kolumbiya terma jamoasi bosh murabbiyi Nestor Lorenso Oʻzbekistonga qarshi uchrashuv oldidan raqibni yuqori baholadi.
Mutaxassisning taʼkidlashicha, Jahon chempionatining ilk oʻyinlari musobaqada kuchsiz jamoalar yoʻqligini yana bir bor isbotladi.
— Jahon chempionati bizga kichik jamoalar yoʻqligini koʻrsatmoqda. Hech bir raqibni past darajada baholamaslik kerak, — dedi Lorenso.
Kolumbiya terma jamoasi 2022-yilgi mundialni oʻtkazib yuborganidan soʻng yana jahon chempionatiga qaytmoqda. Biroq mutaxassis mundialdagi debyutini oʻtkazayotgan Oʻzbekistonni oson raqib sifatida koʻrmayotganini taʼkidladi.
— Oʻzbekiston kuchli jamoalarga qarshi yaxshi natijalar qayd etgan. Ularning tajribali murabbiyi va yuqori saviyadagi bir nechta futbolchilari bor. Eng muhimi, bu jamoa oʻz oʻyin uslubini yaxshi biladi va maydonda tartibli harakat qiladi, — deya qoʻshimcha qildi Kolumbiya ustozi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston va Kolumbiya terma jamoalari Jahon chempionati guruh bosqichi doirasida bugun Mexikodagi “Atsteka” stadionida oʻzaro bahs olib boradi.