"Neftchi"ning Osiyo yo‘lidagi sakkiz raqibi: Saudiya gigantlari, Eron va Iroq chempionlari
"Yo'lbarslar"ning barcha raqiblari va ularning qayd etayotgan natijalari bilan tanishing.
Farg‘onaning “Neftchi” klubi 2026/27-yilgi Osiyo Chempionlar Ligasi Elitida nihoyatda kuchli raqiblari qarshisida maydonga tushadi.
Qur’a natijasiga ko‘ra, O‘zbekistonning yangi vakili liga bosqichida Saudiya Arabistonining “Al Ahli”, “Al Hilol”, “Al Ittihod” va “Al Nassr”, Eronning “Istiqlol” va “Traktor”, Iroqning “Al-Quva Al-Javiya” hamda Eronning Al Qodisiya kabi kuchli jamoalariga qarshi bahs olib boradi.
Neftchi to‘rtta uchrashuvni uyda, yana to‘rttasini safarda o‘tkazadi. Farg‘onaga Osiyo chempioni “Al Ahli”, “Al Hilol”, “Al Ittihod” va Iroq chempioni “Al-Quva Al-Javiya” tashrif buyuradi. Safarda esa “Neftchi”ni “Al Nassr”, “Al Qodisiya”, “Istiqlol” va “Traktor” kutib turadi. 2026/27-yilgi turnirning liga bosqichi 14-sentabrda boshlanadi.
“Al Ahli” — Osiyo chempioni Farg‘onaga keladi
“Neftchi”ning eng nufuzli uy mehmonlaridan biri — “Al Ahli”. Jidda klubi 2025/26-yilgi mavsumda Osiyo Chempionlar Ligasi Elitini ketma-ket ikkinchi marta qo‘lga kiritdi. Finalda Yaponiya vakili "Machida Zelviya"ni qo‘shimcha vaqtda 1:0 hisobida mag‘lub etdi.
Saudiya Pro ligasida esa Al Ahli 34 turda 81 ochko bilan uchinchi o‘rinni egalladi. Jamoa 25 ta g‘alaba qayd etib, 71 ta gol urdi va atigi 25 ta gol o‘tkazib yubordi.
Klubning asosiy yulduzi — Angliya terma jamoasi sobiq hujumchisi Ivan Toni. U chempionatda 32 ta gol urib, Al Ahlining eng sermahsul futbolchisiga aylandi. Jazoirlik Riyad Mahrez esa 8 ta assist bilan jamoaning eng yaxshi assistentiga aylandi. Yarim himoyada Frank Kessie, darvozada Edouard Mendi va himoyada Merih Demiral ham muhim rollarni bajardi.
“Neftchi” — “Al Ahli” uchrashuvi Farg‘onada bo‘lib o'tadi.

“Al Hilol” — mag‘lubiyatsiz gigant
“Al Hilol” 2025/26-yilgi Saudiya Pro ligasini mag‘lubiyatsiz yakunladi. 34 uchrashuvda 25 ta g‘alaba va 9 ta durang qayd etgan Riyod klubi 84 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. Faqat Al Nassr undan ikki ochko ko‘proq jamg‘arib, chempion bo‘ldi.
Al Hilol tarkibida jahon futbolining ko‘plab taniqli futbolchilari bor. Portugaliyalik Ruben Neves, serbiyalik Sergey Milinkovich-Savich, braziliyalik Malcom va fransiyalik Teo Ernandes shular jumlasidan.
2025/26 mavsumida Ruben Neves 11 ta, braziliyalik hujumchi Markos Leonardo esa 13 ta gol urdi. (
“Neftchi” — “Al Hilol” ham Farg‘onada o‘tkaziladi. Demak, o‘zbek futboli muxlislari Ruben Neves, Malcom va Teo Ernandes kabi yulduzlarni jonli ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

“Al Ittihod” —Katta yulduzlari ketgan sobiq chempion
Saudiya futbolining yana bir mashhur klubi — “Al Ittihod”. Jidda jamoasi 2024/25-yilgi mavsumda Saudiya chempioni bo‘lgan edi, biroq 2025/26-yilda chempionlikni himoya qila olmadi.
Al Ittihod 34 turda 55 ochko to‘plab, beshinchi o‘rinni egalladi. Jamoa 16 ta g‘alaba, 7 ta durang va 11 ta mag‘lubiyat qayd etdi.
Tarkibdagi eng katta nom, albatta, Karim Benzema edi, biroq u Al Hiloga o'tib ketdi. Hujumda Yussuf En-Neseriga Fabinyo, Stiven Bergveyn, Moussa Diabi va Houssem Auar kabi futbolchilar hamrohlik qiladi. 2025/26 mavsumida Auar 8 ta, En-Nesiri 6 ta, Bergveyn 5 ta, Diabi esa 4 ta gol urgan.
“Neftchi” — “Al Ittihod” bahsi ham Farg‘onada bo‘ladi.

“Al-Quva Al-Javiya ”— Iroq chempioni
"Neftchi"ning uyidagi yana bir raqibi — Iroqning “Al-Quva Al-Javiya” klubi. Bu jamoa 2025/26-yilgi Iroq Stars ligasida chempionlikni qo‘lga kiritdi.
Bag‘dod klubi 38 uchrashuvda 27 ta g‘alaba, 8 ta durang va atigi 3 ta mag‘lubiyat qayd etib, 89 ochko jamg‘ardi. Ular mavsum davomida 62 ta gol urib, 28 ta gol o‘tkazib yuborgan.
Jamoaning asosiy hujumchilaridan biri Muhammad Javod bo‘lib, u liga mavsumida 14 ta gol urdi. Al-Quva Al-Javiya tarkibida 2025/26 mavsumida 9–10 nafar xorijlik futbolchi ham bo‘lgan.
Bu raqib Saudiya gigantlari kabi katta nomlarga ega bo‘lmasa-da, Iroq chempioni sifatida “Neftchi” uchun jiddiy sinov bo‘ladi.
Safardagi raqiblar:
“Al Nassr”— Ronaldu bilan Ar-Riyodda
“Neftchi” uchun eng katta safar, shubhasiz, Al Nassr maydoniga bo‘ladi.2025/26-yilgi Saudiya Pro ligasida Al Nassr 86 ochko bilan chempionlikni qo‘lga kiritdi. Klub so‘nggi marta 2018/19-yilgi mavsumda mamlakat chempioni bo‘lgan edi. Final turida Al Nassr Damakni 4:1 hisobida mag‘lub etdi va Krishtianu Ronaldu dubl qayd etdi.
Ronaldu mavsumni 28 ta liga goli bilan yakunladi. Unga Sadio Mane, Kingsli Koman va Joao Feliks kabi yulduzlar yordam berdi
Demak, Al Nassr — Neftchi bahsida Farg‘ona klubi dunyo futbolining eng mashhur futbolchilaridan biri — Krishtianu Ronalduning jamoasiga qarshi Ar-Riyodda maydonga tushadi.

“Al Qodisiya” — 33 golli Kinyones
“Neftchi”ning yana bir safardagi raqibi — “Al Qodisiya”.
Klub 2025/26-yilgi mavsumni Saudiya Pro ligasida 77 ochko bilan to‘rtinchi o‘rinda yakunladi. 34 uchrashuvda 23 ta g‘alaba qayd etgan jamoa 83 ta gol urdi.
Al Qodisiyaning asosiy yulduzi — meksikalik hujumchi Xulian Kinyones. U Saudiya chempionatida 33 ta gol urib, mavsumning eng yaxshi to‘purari bo‘ldi. Shuningdek, Nacho Fernandes, Nahitan Nandes va belgiyalik darvozabon Koen Kastils ham jamoaning muhim futbolchilari edi.
“Al Qodisiya” — “Neftchi” uchrashuvi Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadi.
“Istiqlol ”— Eronning yirik klubi
Tehronning Istiqlol klubi ham “Neftchi”ni o‘z maydonida kutib oladi. Jamoa tarkibida xalqaro tajribaga ega futbolchilar ko‘p.
2025/26-yilgi tarkibda o‘zbekistonlik Jaloliddin Masharipov va Rustam Ashurmatov, shuningdek, ispaniyalik Munir El-Haddadi, albaniyalik Jasir Asani, maliyalik Mussa Jenepo, gabonlik Didye Ndong va haitilik Dyukens Nazon bor edi.
Istiqlolning yana bir qiziq jihati — klubda O‘zbekiston milliy jamoasi futbolchilari ham to‘p tepganidir. Bu esa “Neftchi” — “Istiqlol” uchrashuviga o‘zbek futboli nuqtayi nazaridan alohida qiziqish beradi.

“Traktor” — Eron chempioni va terma jamoa yulduzlari
“Neftchi”ning Eron futbolidagi yana bir raqibi — “Traktor”.
Traktor 2025/26-yilgi mavsumda Osiyo maydonida ham yaxshi taassurot qoldirdi. AFC Chempionlar Ligasi Elitining liga bosqichini muvaffaqiyatli yakunlagan jamoa so‘nggi turda Al-Garafani 2:0 hisobida mag‘lub etdi va pley-off yo‘llanmasini oldindan ta’minlagan edi.
Tarkibdagi eng muhim futbolchilardan biri — Amirhossein Hosseinzadeh. U liga mavsumida 10 ta gol va 4 ta assist qayd etdi. Eron terma jamoasining tajribali himoyachisi Shoja Xalilzoda, darvozabon Alireza Beyranvand ham Traktorning asosiy futbolchilaridan. Serbiyalik Aleksandar Sedlar esa jamoaning xorijlik tajribali futbolchilaridan biri.
Shuningdek, Traktor tarkibida O‘zbekiston futboliga tanish bo‘lgan Odiljon Hamrobekov ham mavjud.
“Neftchi” uchun vazifa oddiy: Osiyoning eng boy va kuchli klublari orasida munosib natija qayd etish va liga bosqichining kuchli sakkizligidan joy olish.