Neft-gaz sohasida yangi qo‘shma loyihalar tahlil qilindi
“O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov Qatarning “AL ALFIA HOLDING” kompaniyasi Direktorlar kengashi raisi vakili Zaynab Al-Yusuf boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Muloqotda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan va istiqboldagi neft-gaz loyihalariga Qatar investorlarini jalb etish imkoniyatlari muhokama qilindi. Tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar ushbu yo‘nalishdagi hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochayotganini ta’kidladi.
Suhbat davomida “Uzbekistan GTL” majmuasi negizida lubrikantlar va surkov materiallari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, neft-gaz sohasi ehtiyojlari uchun favvora armaturalari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Qatar kompaniyasining “O‘zbekneftgaz” tomonidan amalga oshirilayotgan istiqbolli investitsiya loyihalarida ishtirok etish imkoniyatlari ham alohida muhokama qilindi.
Jamiyat axborot xizmatiga ko‘ra, uchrashuv yakunida istiqbolli yo‘nalishlarni birgalikda o‘rganish, investitsiyaviy takliflarni muhokama qilish va belgilangan yo‘nalishlarda amaliy ishlarni davom ettirishga kelishib olindi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA