Neft-gaz sanoatida samaradorlik oshmoqda
AOKAda o‘tkazilgan brifingda “O‘zbekneftgaz” AJ mas’ul xodimi Gulhayo Ergasheva jamiyat tasarrufidagi ishlab chiqarish korxonalari faoliyati baholanishini ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, ishlab chiqarish samaradorligi indeksi, texnologiya samaradorligi indeksi, energiya samaradorligi indeksi hamda quduqlarning ishlatish koeffitsiyenti bo‘yicha baholash tizimi joriy etilgan.
2024 yil yakunlariga ko‘ra, Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi va Sho‘rtan gaz-kim majmuasida asosiy indekslar yaxshilangan.
Xususan, Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida qayta ishlash hajmi 1 milliard 889 million metr kubga oshdi, samaradorlik indeksi12,3 foizga o‘sdi.
Buxoro neftni qayta ishlash zavodida neft mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 75,4 ming tonnaga ko‘paydi, samaradorlik indeksi 3,7 foizga yaxshilandi. Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasida esa qayta ishlash hajmi 5,7 ming tonnaga oshib, samaradorlik 3,6 foizga o‘sdi. Shuningdek, polietilen ishlab chiqarish 5,7 ming tonnaga, suyuq uglevodorodlar esa 10,6 ming tonnaga ortdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, ishlab chiqarish jarayonidagi yo‘qotishlar ham kamaygan. Muborak va Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalarida rejadan tashqari to‘xtalishlar soni kamayib, yo‘qotishlar mos ravishda 25 million 326 ming metr kub va 9 million 453 ming metr kubga qisqargan.
Energiya tejamkorligi bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar ham samaradorlikka ijobiy ta’sir etgan. Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida ming metr kub tabiiy gazni qayta ishlash uchun energiya sarfi 2,9 foizga, Buxoro neftni qayta ishlash zavodida 1 tonna xomashyoni qayta ishlash uchun energiya sarfi 3,4 foizga kamaydi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA