Nazorat qilish inspeksiyasining vakolatlari kengaymoqda
Yon-atrofimizda ko‘p qavatli uylar konstruksiyalariga zarar yetkazadigan tarzda o‘zgartirishlar qilingani yoki ushbu uylar hududida noqonuniy qurilmalar barpo etilganiga ko‘p guvoh bo‘lamiz.
Bu esa ko‘p kvartirali uylar va odamlar hayoti xavfsizligiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.
Bu borada so‘nggi 4 yil mobaynida 61 ming 677 ta holatda ko‘chmas mulk egalari tomonidan uy-joy fondi va unga tutash hududlarda o‘zboshimchalik bilan qurilmalar barpo etilganligi aniqlangan.
Avval xabar berilganidek, ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Unda “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarda Ko‘p xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasiga aniqlangan noqonuniy qurilmalarni faqat majburiy ko‘rsatma berish yoki sudlar orqali bartaraf etish huquqi berilgan. Ammo o‘zboshimchalik bilan barpo etilgan noqonuniy qurilmalarni majburiy tartibda bartaraf etishga oid sudlarga arizalar taqdim etishda oldindan davlat boji to‘lovidan ozod etilmagani bois ushbu mazmundagi materiallarni sudlarga taqdim etishda qator qiyinchiliklarga duch kelinmoqda.
Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi boshqaruv organlarining moliyaviy barqarorligi ta’minlanishiga, shu jumladan ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimida raqobat muhiti yaratilishiga xizmat qiladi. Bundan tashqari, aholiga samarali servis xizmatlar ko‘rsatishning yangi bosqichlarini amaliyotga tatbiq etishga zamin bo‘ladi. bugungi kunda uy-joy fondlarini saqlash borasida ko‘chmas mulk egalari tomonidan bildirilayotgan ko‘plab e’tirozlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Deputatlar qonun loyihasi bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida xalq vakillarining bergan qator takliflari loyihada o‘z ifodasini topganini qayd etdilar.
Majlisda qizg‘in muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA