Nazmda ham, nasrda ham tengsiz asarlar sohibi
O‘zbek xalqining buyuk shoiri, yuksak ma’rifat egasi va davlat arbobi Alisher Navoiyning g‘oyat boy va serqirra ilmiy-nazariy merosida ijtimoiy-siyosiy hayot, davrning barcha muammolari, falsafiy qarashlar o‘zining to‘liq ifodasini topgan.
O‘zbek xalqining buyuk shoiri, yuksak ma’rifat egasi va davlat arbobi Alisher Navoiyning g‘oyat boy va serqirra ilmiy-nazariy merosida ijtimoiy-siyosiy hayot, davrning barcha muammolari, falsafiy qarashlar o‘zining to‘liq ifodasini topgan. Nazmda ham, nasrda ham tengsiz asarlar yarata olgan bu ulug‘ zot, faylasuf va shoir sifatida o‘z qarashlarida inson, uning kamoloti, hayot falsafasi, borliq silsilasi, umr mazmuni haqida mulohazalar qilgan bo‘lsa, davlat arbobi sifatida raiyat muammolari, xalq istaklari, diniy ulamolarning vazifalari, podshohlar hayoti, ularning xalq oldidagi burchlari hamda xatti-harakatlari, ularning xarakterlarini badiiy tasvirlarda, yuksak iqtidor ila ochib bergan.
Inson xulqini tasvirlagan, tasvirlaganda ham ularni qiyosiy usulda, nozik o‘xshatishlar bilan ifodalagan Navoiy hazratlari, o‘zlarining davlat ishlaridagi ko‘p yillik tajribalari yordamida, misoli ajdaho komida tursalar ham, o‘z jonlari huzurini o‘ylab haqiqat yo‘lidan qaytmadilar. She’rlarida zolim davlat boshliqlarini, ularning qilmishlarini qattiq tanqid qilib, adolatli va elparvar shohlarni ulug‘laganlar.
Masalan, hazratning ilk asari bo‘lmish «Badoyi ul-bidoya»da keltirilgan bir g‘azalda shunday deydilar:
Jonda qo‘yg‘och naqdi ishqin qildi ko‘nglumni halok,
O‘lturur mahramni sulton ganj pinhon aylagach.
Baytni tahlil qiladigan bo‘lsak, muallif unda ma’shuq o‘z ishqini oshiq ko‘ngliga qo‘ygandan so‘ng, bu ishq uni qiynab, go‘yo halok etguday holatga kelganini g‘oyat nafosat bilan ifoda etganlar. Boshqa tomondan esa, shohlar hislatidagi bir yovuz holatga o‘xshatish orqali, ayni o‘sha sirni ochib qo‘ygan. Ya’ni yovuz sultonlar o‘z xazinasini mahfiy joyga berkittirgach, bu joyning mahfiyligini saqlash maqsadida berkitgan mahramning o‘zini ham qatl ettirishiga ishora qilingan.
Yana bir baytda quyidagicha tasvir mavjud:
To‘kti qon gulgun libosin kiygach ul xo‘blar shahi,
Qon to‘kar ermish qizil to‘n kiysa, beshak, shohlar.
Bayt badiyati nihoyatda go‘zal. O‘xshatishlar takrorlanmas, kishini lol qoldirarli darajada zavq beradi. Bunda chiroyda tanho yorning qizil libos kiyib oshiqlar aqlini olgani, ma’shuqani yana bir ko‘rmoq orzusida ular ko‘zlaridan yosh emas, qon to‘kayozganlarining qiyosi sifatida yana shohlarga murojaat qilinadi. Go‘yoki agar kimki shohlik rutbasiga ko‘tarilar ekan, istaydimi yo‘qmi, shubhasiz, kimlarnidir baxridan kechmog‘i bor gapligiga ishora bor.
Yana bir boshqa g‘azal baytida
Forig‘u ozoda bo‘lmas mubtalolardin xabar,
Shoh ko‘nglida qachon bo‘lg‘ay gadolardin xabar.
deyiladi. Bayt ma’nosini tahlil qilsak, unda ma’shuqaga oshiq bo‘lgan mubtalolarning ahvoli g‘am-g‘ussa va o‘rtanishlardan holi bo‘lmasligi, ma’shuqaning esa bundan bexabarligi, bu holga bee’tiborligi nazarda tutiladi. Navoiy hazratlari bu baytda g‘oyat ajib bir usul qo‘llaydilar. Ya’ni ikkinchi ma’noni ham yashirib o‘tadilar. Go‘yoki bunday rahmsiz shohlar o‘z saltanatidagi g‘aribu nochorlar ahvolidan xabarsiz, bilganda ham ularga beparvo munosabatda bo‘lganliklari yashirin aytib o‘tadilar.
Navoiy hazrat bebaho iste’dod egasi bo‘lishi bilan birga aqlli siyosatchi ham bo‘lganlari shu kabi baytlarda namoyon bo‘laveradi. Yorga qilingan murojaat orqali ba’zi bir shohlarning nazdida zulmkorlik, qattiqqo‘llik va jonxo‘rlik eng to‘g‘ri yo‘l ekani oshkor etiladi. Rost, boshqaruvda qattiqqo‘llilik ham foyda beradi. Biroq sohibqiron Temur bobomiz ham paydo bo‘lgan ko‘ngilsizliklarning o‘ndan to‘qqizini mashvarat va muhokama bilan, qolgan birini qilich bilan hal etdim deb aytganlar. Qattiqqo‘llikning haddan ziyodi ham johillikka olib kelishini davlat boshlig‘iga benihoya did bilan uqtirmoq esa ulkan mas’uliyatdir. Quyidagi baytda ham Hazrat ushbu fikrlarga ishorat qiladilar:
Desamki, ey jamol elining shohi, qilma zulm,
Der, shohliq tariqidadur bu adolatim.
«G‘aroyib us-sig‘ar»da keltirilgan g‘azallarning birida yor ishqidagi oshiqqa ma’shuqning bergan azoblariga chidash, nozu karashmalar qilsa buni ko‘ngliga olib, yorga ters so‘zlar aytmaslik kerak ekani aytilib,
Ey Navoiy, har nechuk zulm etsa chek, dam urmag‘il,
Kim gado haddi emas hech ishda sulton birla bahs.
misralari keltirilgan. Bu baytning bir ma’nosi bo‘lsa, ikkinchi ma’nosi oddiy fuqarolarning podshohlar oldida tiliga kelganini ayta olmasligi va shoh bilan bahsga kirishmoq, gap talashmoq oddiy fuqarolarga ijozat etilmasligiga ishoralar bor. Yana bunda rahbarning qilgan qattiqqo‘lligidan shikoyat qilish va buni darrov hammaga ovoza qilmaslikka ham chaqirish deb tushunish mumkin.
Navoiy dahosini o‘rganar ekanmiz, ongu shuurimizni yuksaltiruvchi (badiiy), biz bugungi kunda muammolariga unchalar e’tibor qaratmay qo‘ygan kundalik masalalarga (ijtimoiy), hozirda jahon hamjamiyati tomonidan katta tortishuvlarga sabab bo‘layotgan jabhalarga (siyosiy), insonning ruhiyati va jaholat zanjirlaridan erkinlikka undovchi (falsafiy) qarashlarga duch kelaveramiz va bu ulug‘ ijodkorning hayotiyu ijodiga qiziqishimiz ortaveradi.
Anvar Botir o‘g‘li,
Shoir