Nazarning hikmati
Munavvarlarimiz
Oliy ta’lim dargohining maqomi, eng avvalo, undagi ilmiy muhit, jonkuyar jamoa va e’tirof etilgan olimlarning salohiyati bilan belgilanadi. UI GreenMetric 2026 xalqaro reytingida dunyoning TOP-1000 ta yetakchi universitetlari qatoridan joy olgan Toshkent amaliy fanlar universiteti (TAFU) bugungi kunda nafaqat zamonaviy ta’lim maskani, balki kuchli akademik jamoa va fidoyi ziyolilar jamlangan yirik ilmiy maskanga aylandi.

Universitetning erishgan muvaffaqiyatlari va xalqaro maydondagi nufuzi ortida shu dargohda mehnat qilayotgan, yoshlarga ilm-fan sirlarini o‘rgatayotgan ustoz va olimlarimizning salmoqli hissasi bor. Aynan shunday taniqli va tajribali olimu fazilatli insonlar muassasada sog‘lom ilmiy muhit va yuksak ma’naviy fazoni shakllantirmoqda.
Universitet ahlining ana shunday faxri, taniqli olim va fan tashkilotchisi, falsafa fanlari doktori, professor Nazar Hakimov tavalludining 75 yilligi munosabati bilan bu yerda “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi: innovatsiya, fan va ta’lim” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘z ishini boshladi.
Ushbu anjuman va muborak ayyom bahonasida hamkasb ustozlarning olimona mahorat, insoniy kamtarlik va ibratli umr yo‘li haqidagi samimiy mulohazalariga quloq tutish maqsadga muvofiqdir.
* * *
Iste’dodli kishilarning hammasi ham kamtar bo‘lavermaydi. Chunki bu fazilat har kimga berilavermagan. Ammo kamina mehnat qiladigan universitetda shunday bir ustoz borki, uni ko‘rganda har qanday g‘o‘ddaygan kimsa ham kamtar-kamsuqumgina bo‘lib qoladi, nazarimda. Chunki uning yuksak ma’naviyati zimdan suhbatdoshidan shuni talab qiladi-da.
Tinimsiz tadqiqotlar yaratayotgan, hatto, xalqaro maydonlarda ham ilmiy mahsulotlari bilan faol ko‘rinib turgan, shu mo‘’tabar yoshiga qaramasdan, yoshlarga, hammamizga o‘rnak bo‘lib kelayotgan olim. Yaxshi dars o‘tadi. Talabalar uning ham ilmidan, ham hayotiy tajribasidan ko‘p narsa oladi. Yaxshi ilmiy rahbar yoki maslahatchi. Ko‘p-ko‘p fan nomzodi, falsafa doktori, fan doktoriga ustozlik qilgan.
O‘zi tarixchi, tarix fanlari nomzodi, iqtisodchi, falsafa fanlari doktori. Siyosatchi ham. Ta’lim sohasining tadqiqotchisi ham. Yaxshi ilm-fan va ta’lim tashkilotchisi ham. Ko‘p yillar Toshkent iqtisodiyot universitetida prorektor bo‘lgan. Qarshi davlat universitetida rektor bo‘lib ishlagan. Keyin uni Qashqadaryo viloyati hokimining iqtisodiy-ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari vazifasiga o‘tkazishgan. Bu kishi viloyatda iqtisodiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yo‘lga qo‘yishda bir olim rahbar sifatida besh yil faoliyat olib borgan.
Yoshga to‘lganlarning hammasiga vaqt nuqtayi nazaridan bir xil umr berilgan. Lekin, xalqimiz orasida mashhur an’anaviy qiyos bilan aytilsa, bu davrda kimdir pashshacha, kimdir esa filcha ish qilgan. Bundagi sir nimada? Nega filcha ish qilgan odam buncha mahsulotga qanday qilib erishgan? Masala – juda oddiy. Bu odam vaqtdan unumli foydalangan. Ko‘p mehnat qilgan. Fursatini bekor o‘tkazmaslikka intilgan. Vaqtdan hamma ham unumli foydalanishga harakat qiladi. Biroq ko‘plarimiz vaqtni bekorga o‘tkazamiz, ikkinchi, uchinchi, hatto, o‘ninchi darajali masalalarga sarflab qo‘yamiz. Yo‘qotilgan har bir daqiqa yakuniy natijaga ta’sir qiladi-da. Yaxshi olim, yaxshi ijodkorning boshqalardan farq qiladigan asosiy tarafi shu, deb o‘ylayman. Bundaylar uchun vaqt – o‘ta muhim boylik. Hatto, bozor iqtisodiyoti sharoitida hech xijolat qilmasdan aytishimiz mumkinki, vaqt – pul. Shuning uchun o‘rinsiz sarflamaslik kerak-da. Shu jihatdan bu olimimiz faqat hamkasblarigagina emas, tarbiyalanib kelayotgan talaba va magistrantlarimizga ham jonli namuna.
Bu kishida xalq bilan ishlash mahorati shakllangan. Kafedra mudiri, dekan, prorektor, rektor, hokim o‘rinbosari bo‘ladimi, xalq bilan ishlashni bilishi kerak. Xalq bilan yaxshi ishlash uchun xalqning dardini o‘zingizning dardinigiz yanglig‘ bilishingiz darkor. Buning uchun bag‘rikeng ham bo‘lish lozim.
Dunyoda ham ko‘p bilishadi. Buyuk Britaniyadagi Kembrij universiteti “XXI asrda dunyoning mashhur olimlari” mavzusida tadqiqot o‘tkazgan, uning natijalariga ko‘ra, Nazar aka ham shu ro‘yxatga kirgan. 5 yil viloyat hokimining iqtisodiy-ijtimoiy masalalari bo‘yicha o‘rinborsari bo‘lgan.
Oliy ta’lim dargohining imiji, jumladan, unda ta’lim berayotgan professor-o‘qituvchilar obro‘yi bilan ham o‘lchanadi. Toshkent amaliy fanlar universiteti (TAFU) jamoasi bu yerda shunday taniqli olim mehnat qilayotgani bilan faxrlanadi.
Ilm-fan va ta’lim sohasi vakillarini, shartli ravishda, to‘rt toifaga bo‘lish mumkin.
Birinchi toifa – olimlar. Olim bor, muallim bor. Olim fanning muayyan sohasi yoki sohalari bo‘yicha tinimsiz tadqiqotlar olib boradi, yangi g‘oya, xulosa, gipoteza va pozitsiyalarni ilgari suradi. Nazar Hakimov 450 dan ortiq ilmiy maqola, 15 monografiya, 17 darslik, 20 o‘quv-uslubiy qo‘llanma va talabalar uchun tavsiyanoma, 16 risola chop ettirgan. Muallifning ilmiy ishlari AQSH, Buyuk Britaniya, Rossiya, Germaniya, Turkiya, Yaponiya, Indoneziya, Norvegiya, Latviya, Chexiya, Hindiston va boshqa xorijiy davlatlarning nufuzli ilmiy jurnallarida chop etilgan.
Muallim muayyan fan predmeti yoki predmetlari bo‘yicha yoshlarga har taraflama ta’sirchan, ma’lumotlarga boy, zamon talablariga mos darslar o‘tadi. Kimdir yaxshi olim, lekin yaxshi muallim bo‘la olmaydi. Yoki aksincha. Kimdir yaxshi muallim, biroq yaxshi olim bo‘la olmaydi.
Bu soha ahlining uchinchi toifasida ilm-fan yoki ta’limga rahbarlik qilish malakasi kuchli bo‘ladi. Kafedra yoki bo‘lim mudiri, dekan o‘rinbosari, dekan, prorektor, rektor, direktor o‘rinbosari, direktor bo‘lib ishlagan yoki ishlayotganlar bor. Bular – fan yoki ta’lim tashkilotchilari.
Bu soha vakillari orasida dissertatsiyalarga yaxshi ilmiy rahbar yoki maslahatchi bo‘ladiganlar ham mavjud. Shunday professorlar uchraydiki, umrida biror nomzodlik yoxud falsafa doktori dissertatsiyasiga rahbar yoki biror doktorlik dissertatsiyasiga ilmiy maslahatchi bo‘lgan emas. Nima qilsin, unda shu qobiliyat, malaka yoki iste’dod yo‘q-da. Chunki ustoz bo‘lish uchun mehribonlik, kengfe’llik, xolislik, sabrlilik talab qilinadi. Shundaylar borki, 30 – 40 nafarlab ilmiy darajali shogird chiqargan. Nazar Hakimov ilmiy maslahatchiligida 3 doktorlik, ilmiy rahbarligida 11 nomzodlik dissertatsiyasi yoqlangan.
Bu to‘rt fazilatning har biri uchun ham qobiliyat, iste’dod, mehnat-mashaqqat zarur. Nazar Hakimovda shu to‘rt fazilat ham mavjud.
Bo‘lajak olim 1951-yil 30-iyunida Qashqadaryoning G‘uzor (hozirgi Dehqonobod) tumanidagi Xo‘japullast qishlog‘ida tug‘ilgan. Avval hozirgi O‘zMUning Tarix fakultetini (1973), keyin Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini (1998) imtiyozli diplom bilan tamomlagan, Toshkent xalq xo‘jaligi instituti aspiranturasida tahsil olgan (1977 – 1980). “Yoshlarni axloqiy tarbiyalashda san’atning o‘rni” mavzusida tarix fanlari nomzodi (1981), “Jamiyatni demokratlashtirish sharoitida shaxs siyosiy madaniyatining shakllanishi” mavzusida falsafa fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun (1991) dissertatsiya yoqladi. Dotsent (1983), professor (1993) ilmiy unvonlariga ega bo‘ldi.
Toshkent davlat konservatoriyasida o‘qituvchi (1973 – 1977), hozirgi Toshkent iqtisodiyot universitetida assistent, katta o‘qituvchi, dotsent, iqtisodiyot va chet ellik talabalar bilan ishlash bo‘yicha dekan, Ijtimoiy rejalashtirish fakulteti dekani o‘rinbosari, o‘quv bo‘limi mudiri, “Tarix” kafedrasi mudiri, Xalqaro biznes fakulteti dekani, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor (1981 – 1997), “Mintaqaviy iqtisodiyot va ekologiya” kafedrasi mudiri (2005), Qarshi davlat universiteti rektori (1997 – 2001) lavozimlarida ishladi. QarDU o‘quv ishlari, ilmiy sohalarda samarali ishlar amalga oshirildi, bir necha yangi kafedra va mutaxassisliklar ochildi, xalqaro aloqalar kengaydi. Olim sifatida u bu yerda faylasuflar maktabini yaratdi.
Fan va ta’lim tashkilotchisini davlat boshqaruvi ishlariga olishdi. U yil yanvargacha Qashqadaryo viloyati hokimining ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari (2001 – 2004), keyin esa viloyat kasb-hunar ta’limi boshqarmasi boshlig‘i (2004-2005) vazifalarida mehnat qildi. 1999-yil dekabrida o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida 13-Qashqadaryo viloyati okrugi saylov komissiyasiga rais bo‘ldi. Olim Qashqadaryo viloyati xalq deputati (1998 – 2000), O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati (1999) etib saylangan.
G. V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot akademiyasining Toshkent shahridagi filiali rektori o‘rinbosari va “Gumanitar va ijtimoiy-iqtisodiy fanlar” kafedrasi mudiri (2005 – 2019) sifatida iqtisodiyot, madaniyat, ta’lim va fan sohasidagi ilg‘or xorijiy universitetlarning yangi pedagogik texnologiyalarini oliy ta’limga joriy etishda o‘zining shaxsiy hissasini qo‘shdi. Xorijiy davlatlarning nufuzli universitetlari va o‘quv markazlarida bir necha marta malaka oshirdi. Yevropa hamjamiyatining TASIS, TEMPUS, JANUBIY Koreyaning KOICA, Yaponiyanig JAICA grantlari sohibi bo‘ldi.
Olim Oliy attestatsiya komissiyasining Falsafa, tarix, siyosatshunoslik va huquq bo‘yicha ekspert kengashi a’zosi va ilmiy kotibi (1992 – 1998), O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasining siyosatshunoslik va huquq bo‘yicha ixtisoslashgan kengashi (1995 – 1998), O‘zbekiston Respublikasi “Ustoz” jamg‘armasi direktorlar kengashi a’zosi, Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti ixtisoslashgan ilmiy kengashi, Mirzo Ulug‘bek nomidagi Milliy universitet falsafa fanlari bo‘yicha doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilish bo‘yicha ixtisoslashgan kengash a’zosi (2005 – 2018), mazkur ixtisoslashgan kengash raisi (2017-1018) bo‘lgan.
“Siyosiy madaniyat” (1988), “Shaxs siyosiy madaniyati” (1990), “O‘zbekiston madaniyati” (1995), “Mustaqillikning axloqiy omillari” (1993), “O‘zbekistonning xalqaro nufuzi” (1997), “Mustaqil O‘zbekiston taraqqiyoti” (1997), “Talabalarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash” (2008), “Shahrisabz tarixi” (2001), “Milliy qadriyatlar” (2001), “Komillikka intilish” (2015), “Fuqarolik jamiyati taraqqiyoti va yoshlar axloqiy tarbiyasi” (2016), “Inson ekologiyasi” (2021), “Abu Ali ibn Sino falsafiy merosining talabalar axloqiy madaniyatini yuksaltirishdagi o‘rni” (2023), “Komil inson konsepsiyasining falsafiy mohiyati” (2023) monografiyalari muallifi.
O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini shakllantirishning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan “8-9-sinflar ta’lim jarayonini ijtimoiy-pedagogik takomillashtirish metodikasi” (2016), “Ta’lim jarayonini ijtimoiy-pedagogik takomillashtirishning innovatsion usullari” (2016), “8-9-sinflar o‘quv jarayoni” (2017), “Atrof-muhit muhofazasi” (2007), “Biznes strategiyasi” (2017), “O‘zbekiston tarixi” (2020), “Falsafa” (2021), “Mamlakatning strategik taraqqiyoti” (2021), “Fuqarolik jamiyati” (2020), “Yashil iqtisodiyot va ekologiya” (2022), “Iqtisodiy ta’limotlar tarixi” (2022), “Boshqaruv psixologiyasi” (2022), “Davlat va huquq nazariyasi” (2022), “O‘zbekiston taraqqiyotning yangi bosqichi sharoitida” (2022), “Global ekologik tahdidlar va O‘zbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyalari” (2023). “Ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirish” (2006), “Ijtimoiy ekologiya” (2007), “O‘quvchilarning mustaqil ishlari” (2021) degan kitoblari ham bor.
Uning “Inson ekologiyasi” monografiyasi Buyuk Britaniya poytaxti Londonda ingliz tilida chop etildi (2023). “Mamlakatning strategik rivojlanishi. Fuqarolik jamiyati” (2023) monografiyasi Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Ispaniya, Portugaliyada nashr etilgan. “Falsafa” (2023), “Iqtisodiy ta’limotlar tarixi” (2023), “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” (2024) asarlari Qozog‘iston Respublikasining Almati shahridagi “Darin” nashriyotida chiqqan.
Olim ikki qismdan iborat “Falsafa” (2024), “Dinshunoslik” (2024) darsliklari muallifi, shuningdek, “Ilmiy tadqiqot metodologiyasi. Magistrlar uchun darslik” (2026) “O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash” (2026) “Talabalar mustaqil ta’limi” (2024), “O‘zbekistonda nodavlat ta’lim” (2025), “Toshkent amaliy fanlar universiteti fidoyilari” (2026), “O‘zbekiston XX – XX asrdagi jamiyatshunos olimlari” (2026), “Amaliy falsafa” (2026) kabi monografiyalarga hammuallif bo‘lgan.
Hozirgi kunda Toshkent amaliy fanlar universiteti(TAFU)ning “Tarix va ijtimoiy fanlar” kafedrasi tadqiqotchi professori bo‘lib ishlayapti. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Namangan, Fargona davlat universitetlari huzuridagi falsafa fanlari bo‘yicha doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilish bo‘yicha ixtisoslashgan ilmiy kengashi a’zosi. U Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining “Yashil iqtisodiyot va taraqqiyot”, O‘zbekiston milliy universiteti “Falsafa va hayot” ilmiy jurnallari tahrir hay’ati a’zosi, Toshkent amaliy fanlar universiteti “Ijtimoiy fanlar: nazariya va amaliyot” jurnali muharriri, Turon Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi (2024).
Muqaddas dinimizda: “Hamma narsa – niyatga bog‘liq”, – degan purma’no hikmat bor. Ism ham – shunday. O‘zi xalqimiz chaqaloqqa qo‘yilayotgan har qanday ismni bir ezgu niyat bilan qo‘yadi. “Nazar” degan otda: “Bolamga Allohning nazari tushsin, u doimo elining nazarida bo‘lsin!” – degan orzu yashiringan bo‘ladi.
Samarali mehnati, ilm-fan va ta’lim sohasini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun O‘zbekiston Respublikasining Faxriy yorlig‘i (1992), “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligiga 10 yil” (2001), O‘zbekiston Respublikasi belgisi (2000), “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligiga 15 yil” (2006), “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligiga 25 yil” (2016), “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25-yilligi” (2017), “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim a’lochisi” (2026) nishonlari bilan taqdirlangan. U Buyuk Britaniyaning Kembrij universiteti tomonidan dunyoning mashhur olimlari ro‘yxatiga kiritilgan va shu oliy ta’lim dargohi ordeni bilan taqdirlangan (2002).
Xo‘sh, inson 75 yillik umri davomida qanday qilib buncha narsaga erishishi mumkin? Faqat va faqat vaqtdan o‘ta unumli foydalanish, uni hamisha birlamchi ahamiyatga ega narsalarga sarflash orqaligina erishiladi. Donishmand odam uchun bundan boshqa yo‘l yo‘q. Chunki yashash baxti kishiga bir martagina beriladi.
“Ismlarda ajib bir sir yashirin bo‘ladi”, – degan gap bekorga chiqmagan. Shu ma’noda professor Nazar Hakimov erishgan yutuqlarni ko‘z oldingga keltirganda: “Alloh nazarining hikmati shu bo‘lsa kerak”, – deb o‘ylaysan kishi.
Umringizga umr qo‘shgan bo‘lsin, ustoz!
Sultonmurod OLIM,
TAFU professori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi.
Abror XIDIROV,
TAFU Tarix va filologiya fakulteti dekani.