Nazariy bilimni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish imkoniyati kengaydi
FOTOREPORTAJ
“Bereket Kimyo Agro” qo‘shma korxonasida Buxoro davlat universiteti Agronomiya va tuproqshunoslik kafedrasi filialining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu muhim tashabbus ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini yanada mustahkamlash, talabalarning amaliy bilim va ko‘nikmalarini oshirish hamda agrar sohaga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbirda universitet rahbariyati, sohaning tajribali mutaxassislari, professor-o‘qituvchilar, talabalar hamda korxona vakillari ishtirok etdi.
[gallery-29430]
Ta’kidlanganidek, yangi filial faoliyati orqali talabalar nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, ilmiy tadqiqotlarni ishlab chiqarish jarayoniga tatbiq etish va agrar sohada innovatsion yondashuvlarni keng joriy etish imkoniyatlari yanada kengayadi. Bu esa o‘z navbatida yuqori malakali, raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.
Tadbir doirasida universitet va korxona hamkorligida ishlab chiqilgan ikki turdagi innovatsion mahsulot taqdimoti ham o‘tkazildi. Mazkur mahsulotlar qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirish, tuproq unumdorligini yaxshilash va ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Shuningdek, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiluvchi zamonaviy dastur loyihasi ham jamoatchilikka taqdim etildi. Ushbu dastur yosh mutaxassislarni amaliyot asosida tayyorlash, ilmiy izlanishlarni ishlab chiqarish bilan bog‘lash hamda innovatsion texnologiyalarni sohaga keng tatbiq etishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Yakunda ishtirokchilar mazkur hamkorlik agrar sohada ilmiy salohiyatni oshirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etish va malakali kadrlar tayyorlashda muhim o‘rin tutishini alohida ta’kidladi.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA