Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lash
Uch ming yildan ziyod o‘z tarixiga ega Navro‘z bayrami xalqimizning eng ulug‘ bayramlaridan biri bo‘lib, bu kunni azaldan ajdodlarimiz yangi yilning boshi sifatida ko‘tarinki kayfiyatda kutib olganlar.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Pedagogik mahorat markazida “Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lash!” shiori ostida bayram tadbiri o‘tkazildi. Unda so‘zga chiqqanlar ishtirokchilarni yil boshi hisoblangan Navro‘z bilan samimiy tabriklab, xalqimiz uchun yaxshi va barakali yil bo‘lib kelishini tilashdi.


Umumxalq sayliga aylangan Navro‘z bayramida milliy taomlar va buyumlar ko‘rgazmasi, ota-bobolarimizdan meros bo‘lib kelayotgan urf-odat va an’analarimiz namoyish etildi. Shuningdek, sumalak sayli ham bayramga o‘ziga xos fayz bag‘ishladi. Ishtirokchilar ulusning ulug‘ kuni – Navro‘z munosabati bilan xalqimizga tinchlik, totuvlik va hamjihatlik tilab, ezgu niyatlar bilan sumalak taomini tayyorlashdi.


O‘zlarining eng yaxshi chiqishlarini namoyish etgan kafedra va tinglovchilar Pedagogik mahorat markazi jamoasi tomonidan munosib rag‘batlantirildi. Bayram tadbirida milliy sport turlaridan hisoblangan tosh ko‘tarish, arqon tortish, musobaqalar o‘tkazilib, g‘olib bo‘lgan sportchilar qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Navro‘z sayli tinglovchilar tomonidan tayyorlangan qiziqarli konsert dasturi bilan ko‘tarinki ruhda davom etdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.