NAVRO‘Z – 2021: Samarqandda Navro‘z sayli
Navro‘z bayrami tantanalari shaharning Alisher Navoiy nomidagi markaziy istirohat bog‘idan boshlandi.
Samarqandda Navro‘z sayli
Bayramona bezatilgan bog‘ning bir tarafida milliyligimizni aks ettirgan o‘yinlar, laparlar namoyishi, bir tomonda bahoriy taomlar ko‘rgazmasi, yana bir tarafda esa sport musobaqalari, dorbozlar tomoshalari uyushtirildi.
Bayram saylida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ishtirok etdi va aholini bayram bilan qutladi.
Viloyatdagi boshqarma va idoralar, Samarqand shahridagi mahallalar bog‘da o‘zlari uchun ajratilgan joylarda Navro‘zni sayl tarzida nishonladi. Nuroniylar yangi yil, yangi dehqonchilik mavsumi qut-barakali kelishini, xalqimiz salomat bo‘lishini so‘rab duolar qildi.
Shuningdek, viloyat musiqali drama teatri binosi yonidagi maydonda, Qorasuv massivi, Farhod hamda Kimyogarlar shaharchalarida ham bayram tadbirlari tashkil etildi.
Xususan, shahardagi gastronomik ko‘cha – Orzu Mahmudov ko‘chasida viloyat hokimligi, turizmni rivojlantirish departamenti, “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universiteti hamkorligida sumalak sayli o‘tkazildi.
Madaniy-ko‘ngilochar dasturlar namoyish etilishi bilan birga aholiga sumalak va boshqa milliy taomlari tarqatildi, ularni tayyorlash jarayonlari ko‘rsatib berildi.
Tuman va shaharlarda ham bahor taomlari tayyorlanib, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turgan kishilar, ehtiyojmand oilalar, keksalar va bemorlarga tarqatildi.
Bayram kunlari viloyatda o‘nlab maktab va bog‘chalar, tibbiyot muassasalari, sport inshootlar foydalanishga topishirildi.
Viloyat mahallalarida Navro‘z sayllari davom etmoqda.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA