Navoiyning “Zukko kitobxon”lari
Yoshlar ishlari agentligi tomonidan “Zukko kitobxon” tanlovining Navoiy viloyati bosqichi o‘tkazildi.
Yurtimizda yoshlar bilan ishlashning yangicha boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, ular bilan ishlashning vertikal tizimini yaratish, yoshlar muammolarini bevosita mahallalarda hal etish, ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlarning samaradorligini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu maqsadlarni amalga oshirish maqsadida 2022-yilning 19-yanvarida “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilinib, yoshlar o‘rtasida ma’naviyat va kitobxonlikni keng targ‘ib qilish borasida “Zukko kitobxon” tanlovini o‘tkazish ham belgilangan edi.
[gallery-17293]
– Bugungi kunda ham aholi, ayniqsa, yoshlarda kitobga qiziqish, mutolaa madaniyatini yuksaltirish tobora muhim ahamiyat kasb etib bormoqda, – deydi Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi bosh mutaxassisi Zafar Niyozov. – An’anaga aylanib borayotgan “Zukko kitobxon” tanlovi viloyatimizda kitobga mehri baland, muntazam ravishda kitob mutolaa qilayotgan yoshlarimiz ko‘p ekanligini, ular soni tobora oshib borayotganligini ko‘rsatmoqda. Tan olish kerak, keyingi 2-3-yil ichida yoshlarimiz orasida kitob o‘qishga bo‘lgan ishtiyoq, qiziqish oshmoqda. Buni bugun o‘tkazilayotgan tanlovda yoshlarning ishtirokidan ham bilsa bo‘ladi.
Tanlovda viloyatning barcha tuman va shaharlaridan jamoalar ishtirok etishdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘rinni Qiziltepa tumani, 2-o‘rinni G‘ozg‘on shahri va 3-o‘rinni Xatirchi tumani jamoalari qo‘lga kiritdi.
G‘olib va sovrindor jamoalar, shuningdek, musobaqada faol ishtirok etgan ishtirokchilar munosib taqdirlandi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari