Navoiyning Qashqarlik izdoshi
Sharq klassik adabiyotining boy an’analarini chuqur o‘zlashtirib, uni yangi ijodiy kashfiyotlar bilan yuqori pog‘onaga ko‘targan buyuk shoir va faylasuf Alisher Navoiy faqat XV asr adabiy muhiti uchun emas, undan keyin ham asrlar davomida adabiyot ahlining, qalam sohiblarining sevimli ustozi bo‘lib keldi.
Uning shoh asarlari turkigo‘y shoirlar uchun namuna maktabi edi, Ozarbayjon (Fuzuliy, Voqif), turkman (Maxtumquli, Mullanapas), uyg‘ur (Nizoriy, Ziyoiy), tatar (Abdulla To‘qay), qozoq (Abay) shoirlari ham Navoiyni o‘zlarining birinchi muallimlari deb bilib, undan madad olganlar, ijod sirlarini o‘rganganlar. O‘z davrining estetik prinsiplarini saqlagan holda, uning an’analarini ijodiy davom ettirganlar, ulug‘ shoir asarlarini keng ommalashtirish maqsadida uning g‘azallariga muxammaslar bog‘laganlar, asarlarini ko‘p nusxada ko‘chirib tarqatganlar, dostonlarini xalq kitoblari ruhida nasrlashtirib chop etganlar, kitoblariga sharh yozganlar, lug‘atlar tuzganlar.
Navoiy merosiga cheksiz muhabbat qo‘yib, unga ergashgan va uning asarlarini targ‘ib qilishga katta hissa qo‘shgan adiblardan biri qashqarlik shoir G‘aribiydir. Bu shoirning tarjimai holi, adabiy merosi haqida yetarli ma’lumot yo‘q. G‘aribiy bizga «G‘ariblar kitobi» degan dostonlar to‘plamining mualliflaridan biri sifatida ma’lum. Bu kitobdan Navoiy «Xamsa»sidagi to‘rt doston – «Farhod va Shirin», «Layli va Majnun», «Sab’ai sayyora», «Saddi Iskandariy»dan tashqari «Vomiq va Uzro», «Yusuf va Zulayho» kabi ishqiy qissalar ham joy olgan.

To‘plamdagi G‘aribiy qalamiga mansub asarlardan biri «Shoh Bahrom va Dilorom» dostonidir. Bu doston ham shaklan, ham mazmunan Navoiyning «Sab’ai sayyora» dostoniga juda yaqin turadi. G‘aribiy, asarida ham Bahrom ovga o‘ch, ishratparast, lekin botir va adolatli podshoh, ehtirosli oshiq, dahshatli, g‘azabnok hukmdor sifatida tasvirlangan. U Moniydan Dilorom taqdirini eshitgach, uni saroyiga oldiradi, Ovda merganligini namoyish etganda esa, Diloromdan tahsin o‘rniga dashnom eshitib g‘azablanadi, qizni qoldirib ketadi, ertasiga o‘ziga kelib qattiq iztirob chekadi.
Xullas, hikoyatlar tartibi ham, nomi ham, hatto dostonning yakunigacha xuddi «Sab’ai sayyora»ning o‘zginasi.
Xo‘sh, shunday ekan, Navoiy asaridagi voqealarni takrorlashdan G‘aribiyning maqsadi nima? Uning asari Navoiy dostonidan nimasi bilan farqlanadi?
G‘aribiyning maqsadi Navoiy dostonini boshqacha tarzda, ixchamroq qilib, sodda til bilan yangidan kuylash va shu orqali uni kengroq targ‘ib etish, ommalashtirish, ulug‘ shoir g‘oyalarini, badiiy merosini xalqqa chuqurroq yoyishdan iborat bo‘lgan. G‘aribiy «Sab’ai sayyora»ning bag‘ishlov, debocha, xotima qismlarini tamoman tushirib qoldirgan. Doston voqealarini ham qisqartirib bayon etgan, o‘zicha yangi baytlar bilan tasvirlashga harakat qilgan. Shoir voqealarni o‘z so‘zlari bilan ifodalashga, yangicha iboralar qo‘llashga intilgan va ko‘p o‘rinlarda bunga muvaffaq bo‘lgan. Goho obrazlarni kengroq tasvirlash lozim bo‘lib qolganda, shoir kitobxonga «Buni Navoiydan o‘qi», deb havola qiladi. Masalan, Diloromning shakli-shamoyili haqida gapirib:
Aning vasfini qilmadim man gado,
Navoiy kitobida qilmish ado.
yoki:
Bu so‘zning ta’vilini qilsang havas,
Ochib ko‘r Navoiy kitobida bas, – deydi. Bu bilan shoir Navoiyga bo‘lgan ehtiromini izhor etib, nazm ijodida undan o‘zolmasligini e’tirof qiladi.
Dostonning shirali tili, ravon va sodda uslubi qashqarlik shoirning katta iste’dodidan darak beradi. Unda sermazmun, badiiy puxta, zavq bag‘ishlovchi baytlar anchagina. Chunonchi:
Dedi: «Mohi mehri duraxshonmusan,
Ko‘ngul avjida mohi tobonmusan?
Soching jon qushig‘a kamandemudur,
Junun ahliga poybandemudur?
Erur kipriging o‘q, qoshing yoymidur,
Ko‘ngul zahm etarg‘a muhayyomudur?
Ko‘zing ishq eliga baloyemudur?
Labing jon berurga davoyemudur?»
G‘aribiy dostonda personajlarning ruhiy holatlarini, tashqi ko‘rinishlari, voqealar tafsiloti tasvirini chetlab o‘tgani uchun ham xarakterlarning individual sifatlari, epizodlar mazmuni Navoiy dostonidagidek chuqur ochilmagan. Ayrim o‘rinlarda esa personajlarning hissiy kechinmalari, ularning o‘zaro aloqalari, voqea-hodisalarga munosabatlari bayondan iborat bo‘lib qolgan. Biroq bundan, G‘aribiy «Sab’ai sayyora»ni bir boshdan, jo‘ngina hikoya qilib bergan, degan fikr kelib chiqmaydi, albatta. G‘aribiy asarida ham adolat, mardlik, himmat, botirlik, hushyorlik, birodarlik, do‘stlik, sof muhabbat, sadoqat singari olijanob, insoniy xislatlar, purhikmat pand-o‘gitlar o‘z ifodasini topgan.
Shoir ustozi ulug‘ Navoiyga jo‘r bo‘lib, ishratparastlik, yolg‘onchilik, baxillik, ochko‘zlik kabi illatlarni qoralaydi, zulm va adovatning yomon oqibatlarini ochib tashlaydi, mamlakatni idora etish to‘g‘risida ilg‘or fikrlarni oldinga suradi. Bu fikrlar puxta va ravon baytlar, chiroyli, ta’sirchan iboralar, obrazlar orqali, shoirona ifoda etilgani uchun doston voqealari kitobxonga yaxshi singadi, ma’naviy-estetik zavq bag‘ishlaydi.
G‘aribiy dostonining Navoiy asaridan yana bir farqi shuki, unda boblar va hikoyatlarning oxiri Navoiyga nisbatan boshqacha yakunlanadi. Navoiy qissalardan hissa chiqarishni kitobxonning o‘ziga havola qilsa, G‘aribiyda qissadan hissa tarzida xulosalar bayon etilgan, nasihatlar aytilgan yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri soqiyga murojaat qilinib, ichki hissiyotlar ifodalangan. Bundan tashqari, G‘aribiy doston oxiriga «Jahonning bevafoliqidin muva’za tariqida nuqta surmak» degan yangi bob ilova qilib, unda barcha shohu gado birday o‘lishi haqida gapirib, to‘g‘rilik, rostgo‘ylikka da’vat etiladi, haqiqiy muhabbat ulug‘lanadi.
Ulug‘ o‘zbek shoirining iste’dodli halaflaridan biri G‘aribiy o‘z ustozining ajoyib dostonini yangicha tarannum etib, uning o‘lmas merosini uyg‘ur xalqi orasiga targ‘ib etishga katta hissa qo‘shgan. Bu fakt Navoiy asarlari ta’sirining beqiyos buyukligidan, hayotbaxshligidan yana bir nishonadir.
SamDU professori,
Muslihiddin Muhiddinov