Navoiyning o‘lmas merosi
Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy ijodi, u yashagan davr tarixi o‘rganilgani sayin yangi va yanada qiziqarli manbalar ko‘payib boraveradi. Chunki Navoiy ijodi bir ummonki, bu ummondagi bilim bizni hamisha o‘ziga chorlayveradi.
Shoir ijodini chuqur o‘rganib, ilmiy tadqiqotlar olib borayotgan olimlar yangi kitoblari bilan adabiyotimiz boyishiga hissa qo‘shmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutining O‘zbek mumtoz adabiyoti tarixi bo‘limi tomonidan to‘rt jildlik “Alisher Navoiy ensiklopediyasi” nashrga tayyorlandi.
Mazkur ensiklopediya davlatimiz rahbarining 2020 yil 19 oktyabrdagi “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan chop etildi.
Qomusdan navoiyshunoslik masalalari, buyuk shoir asarlarining turli yillardagi nashrlari, ularning xorijiy tillarga tarjimalari, yurtimiz va jaxon kutubxonalari xazinalarida saqlanayotgan qo‘lyozma hamda toshbosma kitoblari, shuningdek, rassomlik, haykaltaroshlik, teatr, kino singari san’at turlarida Alisher Navoiy siymosining aks ettirilishiga doir maqolalar, ayrim lirik asarlarning ilmiy tahlillari ham o‘rin olgan.
Unda, eng avvalo, Alisher Navoiy yashagan davrda Xuroson va Movarounnahrda adabiy hayotdagi ijobiy yuksalishlar, ularni yuzaga keltirgan omillar haqidagi maqolalarga keng o‘rin ajratilgan. Bu esa yurtimizda kechgan Ikkinchi Uyg‘onish davri – Temuriylar Renessansining hayotiy qudratini idrok qilish va unda Alisher Navoiyning tutgan o‘rnini atroflicha mushohada etish imkonini beradi.
Kitobga Husayn Mirzo hukmronligi ostidagi Xuroson poytaxti – Hirotda yashab mehnat qilgan turkiy qavmlar, ularning o‘ziga xos tabiati, urf-odatlari, saroyda tutgan mavqelari to‘g‘risida qator maqolalar kiritilgan. Shuningdek, ulug‘ shoir zamondoshlari, do‘stlari, u bilan hamnafas ijod qilgan qalam ahli va ularning ijodiy yo‘li borasidagi izlanishlar adabiyot muhiblari uchun hamisha qiziqarli bo‘lgan.
Ensiklopediyada shoirning oilasi, qarindosh-urug‘i, do‘stlari, musohiblari, ustoz va shogirdlari, yaqinlari haqida ham ilmiy ahamiyatga molik ma’lumotlar yetarli.
Nigora Rahmonova,
O‘zA