Navoiyga ehtirom – Vatanga, millatga ehtirom
Surxondaryo viloyatida buyuk mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 579-yilligi keng nishonlanmoqda.
Surxondaryo viloyatida buyuk mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 579-yilligi keng nishonlanmoqda.
Bugun Termiz shahridagi Alisher Navoiy haykali boʻy koʻrsatib turgan maydonga erta tongdan davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, professor-oʻqituvchilar, yozuvchi va shoirlar, oliy, oʻrta maxsus taʼlim muassasalari, maktablarning oʻquvchilari jamul-jam boʻldi.
Tadbirda Termiz davlat universiteti rektori, senator A.Toshqulov, Oʻzbekiston Yozuvchilari uyushmasi viloyat boʻlimi rahbari M.Allamurodov, Nizomiy nomidagi Toshkent pedagogika universiteti Termiz filiali talabasi R.Davlatova, Oʻzbekiston Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Termiz tumanidagi Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazi talabasi Nasima Arab va boshqalar soʻzga chiqib, buyuk bobokalonimizning hayoti, boy madaniy merosi va ularning bugungi kundagi qadr-qimmati xususida atroflicha fikr yuritdi. Ul zotning asarlari dunyo xalqlarining bebaho maʼnaviy merosiga aylangani qayd etildi.
Shoirlar va talaba-yoshlar Alisher Navoiy gʻazallaridan namunalar oʻqidi. Mannon Uygʻur nomli Surxondaryo viloyati musiqali drama teatri sanʼatkorlari “Alisher Navoiy” spektaklidan parchalar namoyish etdi. Buyuk shoir gʻazallari asosida yaratilgan kuy-qoʻshiqlar kuylandi.
Tantanali marosim ishtirokchilari oʻz davrida oʻzbek tilining boy va jozibador muloqot vositasi ekanini keng namoyon etib, goʻzal asarlar yaratgan buyuk mutafakkir Alisher Navoiy haykali poyiga gulchambarlar qoʻydi.
Viloyatda bayram tadbirlari davom etmoqda.