Navoiydan taralgan mangu navolar
Alisher Navoiy va Bobur g‘azallari bilan aytiluvchi qo‘shiqlar xalqimizning qalbidan joy olgani, asrlar mobaynida yashab kelayotgani, badiiy barkamolligi, go‘zalligi va nafosati bilan g‘oyat qadrli. Bu musiqiy asarlar jahon miqyosida ham yuksak e’tirof etilib, insoniyatning go‘zal ma’naviy merosiga aylangan.
Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutida Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligi hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542 yilligiga bag‘ishlab tashkil etilgan “Nazm va navo” kechasida bu jihatlar yana bir karra o‘zining yorqin ifodasini topdi.

Mazkur ma’rifiy tadbirda ikki mutafakkirning betakror ijod namunalari, Sharq xalqlarining turmush tarzi, urf-odatlari, tabiati, va qadriyatlari haqida mufassal ma’lumot beruvchi, insonni komillikka undovchi asarlari yosh avlodni ona yurtga muhabbat, istiqlolga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
Tadbirning badiiy qismida “Saraxbori ushshoq”, “G‘unchadek ko‘nglim meni”, “Buxoro to‘lqini”, “Qoldimu”, “Navoiy monologi”, “Munojot”, “Mushkuldir”, “Junun vodiysi”, “Yaxshilik” kabi durdona asarlar el suygan, davlat unvonlari hamda mukofotlari bilan taqdirlangan professor-o‘qituvchilar, xalq hofizlari, hamda birqator ijodkor talabalar tomonidan ijro etildi.
* * *
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari saroyida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti ijodiy jamoasi tomonidan buyuk shoir va mutafakkir, davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligiga bag‘ishlangan “Navoiydan taralgan mangu navolar” nomli jonli ijrodagi teatrlashtirilgan konsert dasturi tashkil etildi.

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayevning bevosita tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur konsert dasturida institutning professor-o‘qituvchilari va iste’dodli talaba-yoshlari tomonidan Alisher Navoiy g‘azallari kuyga solinib, mahorat bilan ijro etildi. Shuningdek, sahna ko‘rinishlarida shoirning hayoti hamda asarlaridan parchalar namoyish qilindi. Dasturdan sevgi-muhabbat va vatanparvarlik ruhidagi kuy va qo‘shiqlar hamda she’riyat namunalari ham o‘rin oldi.
Tadbirda madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov Alisher Navoiy o‘zbek adabiyotining eng buyuk shaxslaridan biri ekanligini, uning ijodi nafaqat adabiyot, balki san’at va madaniyatning ham rivojida beqiyos ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.

Shu bilan birga konsertning eng muhim jihati uning ustoz-shogird an’analari asosida tashkil etilgani, sahnada san’at darg‘alari va yosh iste’dodlar bir sahnada kuy-qo‘shiq va g‘azallar ijro etgani, bu esa talabalarning kelgusi ijodida muhim qadam bo‘lishi e’tirof etildi.

Nodirbek Sayfullayev konsertni tashkil etishdan asosiy maqsad Navoiyni anglash va anglatish, uning hikmatlarini hayotimizga tatbiq etishga hissa qo‘shish bo‘lsa, yana bir maqsad yoshlarni ustozlari bilan bir sahnaga olib chiqish orqali ularga ijodiy tajriba to‘plashlariga, institutda olayotgan bilim va ko‘nikmalarini amalda qo‘llashlariga imkoniyat yaratish ekanligini qayd etdi. Bu yoshlar ustozlari bilan birga kelajakda el ardog‘idagi san’atkor bo‘lib yetishishiga shubha yo‘q. Shuningdek, kelgusida bu kabi tadbirlarni yana ko‘proq o‘tkazish hamda qamrovini yanada kengaytirish maqsad qilingani qayd etildi.

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti aktyorlik, rejissyorlik, kinoteleoperatorlik, san’atshunoslik, folklor ijrochiligi, milliy qo‘shiqchilik, xalq cholg‘ulari ijrochiligi, madaniyatshunoslik, kutubxonashunoslik hamda madaniyat va san’at menejmenti ta’lim yo‘nalishlarida yuqori malakali kadrlar tayyorlovchi yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan hisoblanadi.
“Navoiydan taralgan mangu navolar” nomli teatrlashtirilgan konsert dasturi bu so‘zlarning yana bir isboti bo‘ldi. Konsertga kelgan mehmonlar Alisher Navoiyning benazir, betakror, daho ijodkor ekanini musiqa vositasida yana bir karra angladi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri.