Navoiyda yilning eng yaxshi tarbiyachilari aniqlandi
Navoiy shahridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagoglari o‘rtasida o‘tkazilgan “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi – 2026” kasbiy ko‘rik-tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Bugungi kunda viloyatda 1438 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat olib bormoqda. Ularning 236 tasi davlat va 1202 tasi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridir. Viloyatdagi 3-7 yoshdagi bolalar soni 97 425 nafar bo‘lsa, ularning 82 091 nafari yoki 84,3 foizi maktabgacha ta’lim bilan qamrab olingan. Bolajonlarga 6 ming nafardan ziyod pedagog-tarbiyachi ta’lim va tarbiya bermoqda.

Tanlovning tuman va shahar bosqichida maktabgacha ta’lim tashkilotlarining 596 nafar direktor o‘rinbosarlari va tarbiyachilari ishtirok etdi va ularning 55 nafari viloyat bosqichida g‘oliblik uchun o‘zaro bellashdi.
Tanlov nizomiga asosan o‘tkazilgan bellashuvlar yakunida “Eng namunali direktor o‘rinbosari” nominatsiyasida Navoiy shahridagi 24-DMTT direktori o‘rinbosari Nafosat Fayzullayeva, “Eng yaxshi o‘yin orqali ta’lim beruvchi tarbiyachi” nominatsiyasida Navoiy shahridagi 23-DMTT tarbiyachisi Madina Alimova, “Eng yaxshi ijodkor-ixtirochi tarbiyachi” nominatsiyasida Uchquduq tumanidagi 15-DMTT tarbiyachisi Gulhayo Aslonova, “Raqamli va innovatsion yondashuvlarni amaliyotga joriy etuvchi tarbiyachi” nominatsiyasida Zarafshon shahridagi 6-DMTT tarbiyachisi Orazkul Abdikalikova, “Eng yaxshi eko-targ‘ibotchi tarbiyachi” nominatsiyasida Uchquduq tumanidagi 11-DMTT tarbiyachisi Mahliyo Karimova, “Eng namunali tarbiyachi” nominatsiyasida G‘ozg‘on shahridagi Farida Raxmatovaga qarashli oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi Dilbar Bomulloyeva, “Ma’naviy qadriyatlar tarbiyachisi” nominatsiyasida Karmana tumanidagi 4-DMTT tarbiyachisi Feruza Erdonova, “O‘yin orqali bolalarni rivojlantiruvchi ijodkor tarbiyachi” nominatsiyasida Konimex tumanidagi “Kamalak” oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi Zulhumor Yuldoshova g‘olib deb topildi.

G‘olib va sovrindorlar diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
A. Bo‘riyev, O‘zA