Navoiyda “Tosho‘rmon” borligini bilarmidingiz?
Ona yurtimiz nafaqat tarixiy obidalar, muqaddas ziyoratgoh va qadamjolar, balki boy tabiat olamiga ham ega. Ayniqsa, kecha va bugunni bog‘lovchi, olis o‘tmishdan hikoya qiluvchi tosh o‘rmonlari ajoyib va g‘aroyib tabiat mo‘’jizasidir.
O‘ttiz million gektar maydonda yastanib yotgan Qizilqum sahrosi o‘ziga xos flora va faunasiga ega. Navoiy viloyatining Uchquduq tumaniga qarashli Mingbuloq qishlog‘idan 30 kilometr uzoqlikda joylashgan Jaraquduq darasi noyob paleontologik muzey hisoblanadi. Ilmiy farazlarga ko‘ra, bu yerda taxminan 90-95 million yillar avval hududdagi chinor (platan) va qirqquloq (paporotnik)larning toshga aylanishi natijasida “Tosh o‘rmon” yuzaga kelgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda dunyoning ko‘plab mamlakatlarida noyob toshlarning sehrli olamini o‘zida mujassam etgan “Tosho‘rmon”lar mavjud. Masalan, Yunan provinsiyasida 350 kvadrat kilometrni egallagan “Tosho‘rmon” (Shilin) milliy parki Xitoyning tabiiy yodgorliklari ro‘yxatiga kiritilgan. Lena daryosining Yakutsk oqimidan 60 kilometr yuqorida joylashgan yana bir “Tosho‘rmon” sayyohlarning sevimli maskaniga aylangan.

Bolgariyada esa Varna va Sofiya shaharlari oralig‘ida joylashgan ajoyib “Tosho‘rmon” 50 million yillar oldin dengiz bo‘lgan bu joylarda suv tugab, kvarsli qumlar birlashgan va mustahkam tosh ustunlariga aylanishi natijasida vujudga kelgan. Taxminlarga ko‘ra, AQSHning Arizon cho‘llarida yastanib yotgan “Tosho‘rmon” eng katta hududga ega. Madagaskarning Singi-de-Bemaraxa (Tsingy de Bemaraha) milliy bog‘idagi tosh o‘rmon antiqaligi bilan boshqalaridan ajralib turadi. Ohaktoshli plato kelib chiqishi karst bo‘lgan o‘tkir uchlar bilan qoplangan. Ushbu mineral hosilalar turli-tuman shakllarga ega.

Bu kabi tarixiy va afsonaviy tabiat mo‘’jizalariga ega davlatlar qatorida O‘zbekistonning ham borligi barchamizni birdek quvontiradi.

Bu mo‘’jiza Tetis dengizi qirg‘oqlari va unga kelib tushgan meteoritlar bilan bog‘liq degan taxminlar bor. Aytishlaricha, koinotdan yerga meteoritlarning qulashi natijasida dengiz suvi parchalanib, bu yerlar yuz yillar davomida quyosh nuridan panada – chang va to‘zon girdobida qoladi. Natijada barcha fizik jinslar kimyoviy tarzda qorishib dengiz atrofidagi o‘rmonzorlar, suvda va quruqlikda yashagan hayvonlar o‘zga bir shaklga, ya’ni toshga aylanadi.

– Qizilqum bag‘ridagi “Tosh o‘rmon”da tosh qotgan chig‘anoqlar, akula tishlari va suyaklari, daraxt tanasi va mevalarini, hatto o‘rdakburun dinozavrning toshga aylangan boldir suyaklarini ham ko‘rish mumkin, – deydi tarixchi olim Ramazon Egamov. – Bularning barchasi qachonlardir Qizilqum o‘rnida ulkan ummon bo‘lganligidan dalolat beradi. Shuningdek, “Tosh o‘rmon”ni shakllanishida quyidagi farazlar bor: o‘sha davrda daraxtlar va suv ostida o‘sadigan past butalar daryo bo‘ylarida joylashgan. Atrofdagi qumlar suv bilan oqib kelishi natijasida asta-sekinlik bilan daraxt atroflariga yig‘ilib, toshga aylana boshlaydi. Natijada o‘simliklar quriydi. Butunlay qurib bitgan daraxtlar o‘rnida bo‘shliq paydo bo‘ladi va bu bo‘shliq qum, cho‘kindilar bilan qoplanadi. Million yillar davomida bu cho‘kindilar toshga aylangan.

“Tosho‘rmon” noyob geologik, paleontologik, tarixiy va tabiiy ob’ekt sifatida dunyo olimlarini hamon o‘ziga jalb qilmoqda.
2000-2006 yillarda paleontolog olim, professor Jeyms Devid Archibald rahbarligida O‘zbekiston, Rossiya, Buyuk Britaniya, Amerika va Kanada davlatlari hamkorligida ekspeditsiya faoliyat yuritgan. Natijada Qizilqum tabiatining bunday noyob mo‘’jizasi to‘g‘risida ko‘pchilik xabardor bo‘lgan.

Bugungi kunda mazkur hudud turizm ob’ekti sifatida mahalliy va xorijiy sayyohlarning sevimli maskanlaridan biriga aylanib bormoqda.
– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 10 martdagi “2022 yilda turizm va madaniy meros ob’ektlari infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, turizm ob’ektlarining muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yaxshilash, madaniy meros ob’ektlarini restavratsiya, konservatsiya qilish va obodonlashtirish hamda turizm va yondosh infratuzilmani qurish, rekonstruksiya qilish, kengaytirish va madaniy-ko‘ngilochar infratuzilmalarni rivojlantirish bo‘yicha Loyihalar ro‘yxatiga asosan “Tosh o‘rmon” tabiiy-arxeologiya yodgorligining tevarak atrofini 3D panjara bilan o‘rash, quyosh batareya panellari, kuzatuv kameralari, tungi yoritgich chiroqlari o‘rnatish” ishlari amalga oshirildi, – deydi viloyat turizm boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilshod Xo‘jayev. – Bugungi kunda sayyohlar uchun hududda gid, etnik animatsion, ot hamda tuyalarda sayr, agroturizm xizmatlari, folklor ijrosi, hunarmandchilik, milliy taomlar tayyorlovchi gastro xonadonlar, uy muzeylari, tuya sutidan tayyorlangan sut mahsulotlari va davolash usullari hamda savdosi xizmatlari tashkil etilgan. Mingbuloq ovulida oilaviy mehmon uylari va dam olish maskanlari tashkil etilib, yangi turmarshrutlarga kiritish orqali “Tosh o‘rmon” tabiiy-arxeologiya yodgorligiga tashrif buyuruvchi sayyohlar soni ortib bormoqda.
Albatta, tarixning o‘qilmagan sahifalariga muhrlanib qolgan toshlar o‘rmoni tabiat mo‘’jizasi bo‘lishi bilan birga, davlat va xalq boyligi sanaladi. Ayni paytda bu kabi noyob va beqiyos maskanlar bebaho meros sifatida asrab-avaylanmoqda.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA muxbiri