Navoiyda quruvchilar sharaflandi
Har yili yurtimizda avgust oyining ikkinchi yakshanbasi O‘zbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kuni sifatida keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan Navoiy shahridagi “Tinchlik” bazmlar maskanida bayram tadbiri tashkil etildi.
Viloyat hokimi Normat Tursunov amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari haqida gapirdi.
Sohada olib borilayotgan tizimli islohotlar natijasida aholi punktlarini qurishga kompleks yondashuv, uy-joy, turli bino va inshootlar bilan birga ijtimoiy infratuzilma ob’ektlari, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, ta’lim, tibbiyot va madaniyat muassasalari, sport maskanlari bunyod etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Jumladan, shu yilning birinchi yarmida viloyatda qurilish-pudrat ishlari hajmi 4,2 trillion so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 127,8 foizga o‘sdi. Viloyatda faoliyat yuritayotgan 1390 ta pudrat tashkilotidan 830 tasining moliyaviy holati yaxshilanib, reytingga kiritildi. Shuningdek, markazlashtirilgan dasturlar doirasida barcha manbalar hisobidan 161 ta ob’ektda 609 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Viloyatda jami 4000 xonadonli 58 ta uy-joy qurilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, “Yangi O‘zbekiston” massivlarida jami 830 xonadonli 17 ta ko‘p qavatli uy-joy qurilmoqda.

Tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan qurilishi belgilangan 3 170 xonadonli 41 ta uy-joyning bugungi kunga qadar 315 xonadonli 5 tasi foydalanishga topshirildi. Shuningdek, ichimlik suvi, elektr energiyasi va yo‘l infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha ham turli hajmdagi qurilish ishlari olib borilmoqda.
Tadbirda bir qator ilg‘or quruvchilarga viloyat hokimining faxriy yorlig‘i, tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari topshirildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri