Navoiyda bayram tantanalari
“Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz!”
Navoiy shahridagi madaniyat va istirohat bog‘ida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 31 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Dastlab viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Normat Tursunov “Inson qadri uchun” tamoyiliga asosan amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib, viloyat ahliga samimiy va eng ezgu tilaklarini bildirdi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunga kelib viloyatda taraqqiyot tayanchi – tadbirkorlik sub’ektlari soni 22 655 tani tashkil etayotgan bo‘lsa, shundan 2 310 tasi aynan joriy yil birinchi yarim yilligida o‘z faoliyatini boshladi.
Shuningdek, bugun tadbirkorlik sub’ektlarining yalpi hududiy mahsulotdagi aholi jon boshiga nisbatan hajmi 7,1 million so‘mni tashkil etmoqda va bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 0,7 million so‘mga ko‘p, demakdir.
2022 yil yanvar-iyun oylarida ishlab chiqarilgan yalpi hududiy mahsulotning hajmi 389 631 milliard so‘mni tashkil etdi va o‘sish sur’ati 2021 yilning dastlabki olti oyiga solishtirganda 105,4 foizga oshdi.
[gallery-8594]
– Qulay va jozibador investitsiyaviy muhit, eksportyor korxonalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarining joriy etilishi mahsulotlar eksporti hajmi oshishiga, nomenklaturasi va geografiyasi kengayishiga xizmat qilmoqda, – dedi viloyat hokimi. – Jumladan, viloyatning hududiy investitsiya dasturi doirasida joriy yil dastlabki olti oyi davomida qiymati 366,4 milliard so‘mlik 177 ta hududiy investitsiya loyihani ishga tushirish belgilangan edi. Amalda esa qiymati 501,5 milliard so‘mlik 267 ta hududiy investitsiya loyiha ishga tushirilgani viloyatimizda bu yo‘nalishda ham ishlar jadal olib borilayotganini anglatadi.
Ayni paytda viloyatda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida markazlashgan manbalar hisobidan 101 ta ijtimoiy soha va infratuzilma ob’ektlarida bunyodkorlik loyihalari amalga oshirilmoqda. Shuningdek, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 22 ta qishloq va mahallalardagi 49 ta ijtimoiy soha ob’ektlari yangicha qiyofa kasb etmoqda. Xususan, 16 ta maktab, 12 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 7 ta tibbiyot muassasasi, 14 ta mahalla binolarida hamda 166 kilometr ichimlik suvi, 364,4 kilometr elektr, 24,5 kilometr tabiiy gaz tarmoqlari va 186 kilometr ichki yo‘llarda bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, joriy yilda Karmana va Qiziltepa tumanlarida “Yangi O‘zbekiston” massivlari barpo etilishi boshlab yuborilgan. Ushbu massivlarda 620 ta xonadonga mo‘ljallangan 26 ta 5 qavatli uylar va barcha zarur ijtimoiy soha, infratuzilma ob’ektlari qurilishi davom etmoqda.
Tantanali tadbirda ona Vatan, istiqlol va yurt tinchligini tarannum etuvchi qo‘shiqlar yangradi va yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat ulashdi.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA