Navoiy viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Uchquduq tumanida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash va kasb-hunarga yo‘naltirish borasida amaliy ishlar davom ettirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-dekabrdagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida tumanning Do‘stlik mahallasida Sojida Xo‘jaqulova tomonidan yangi tikuvchilik sexi tashkil etildi.

S.Xo‘jaqulova shu paytga qadar o‘z xonadonida shogirdlari bilan birga tikuvchilik qilib kelgan. Uning mehnati bilan yaratilgan liboslar xotin-qizlar orasida o‘z xaridorlarini topib, buyurtmalar soni tobora ortib borgan. Biroq uy sharoitidagi imkoniyatlarning cheklangani sababli ko‘plab buyurtmalarni qabul qilish imkoni bo‘lmagan. Endi esa bu muammoga yechim topildi.
Farmon asosida ajratilgan 70 kvadrat metrlik yangi binoda zamonaviy tikuvchilik sexi tashkil etilib, Sojida Xo‘jaqulovaga o‘z ishini yanada kengaytirish imkoniyati berildi. E’tiborlisi, yangi sex nafaqat tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish, balki yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatish maskaniga ham aylanmoqda. Ayni paytda bu yerda 10 nafar tikuvchilikka qiziquvchi yosh kasbining sir-asrorlarini o‘rganmoqda.
– Tikuvchilik men uchun shunchaki kasb emas, sevib bajaradigan ishim. Endi yangi sharoitda ko‘proq buyurtma qabul qilish, ishimni kengaytirish bilan birga yoshlarga o‘z bilganlarimni o‘rgatishni maqsad qildim, – deydi Sojida Xo‘jaqulova.

Yangi sexning ochilishi marosimida tuman hokimi Uchqun Yelmuratov, mahalla faollari va nuroniylar ishtirok etdi.
***
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi arafasida Zarafshon shahridagi 15-umumiy o‘rta ta’lim maktabi ham yangidan qurilib, foydalanishga topshirildi.

Mazkur ta’lim muassasasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi “2025 - 2027-yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida Investitsiya dasturi doirasida 15,2 milliard so‘m mablag‘ evaziga barpo etildi.


Zamonaviy loyiha asosida bunyod etilgan yangi maktabning foydalanishga topshirilishi natijasida 990 nafar o‘quvchi uchun qo‘shimcha ta’lim o‘rinlari yaratildi. Shuningdek, ta’lim muassasasida 75 ta yangi ish o‘rni tashkil etildi.
Yangi maktabda o‘quvchilarning sifatli ta’lim olishi, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashi uchun zarur sharoitlar yaratilgan.
***
Mustaqillik bayrami arafasida Navoiy shahridagi 19-umumta’lim maktabida qo‘shimcha ravishda barpo etilgan 810 o‘rinli zamonaviy o‘quv binosi foydalanishga topshirildi.

Tadbirda Navoiy shahar hokimi Dilmurod Ergashev, viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Ra’no Hayitova va tegishli mas’ullar, nuroniylar hamda pedagoglar jamoasi ishtirok etdi.
Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi “2025 - 2027-yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan amalga oshirildi.


Loyiha doirasida mazkur maktab rekonstruksiya qilinib, qo‘shimcha 810 o‘rinli zamonaviy o‘quv binosi barpo etildi. Qurilish ishlari uchun 7,3 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
A. Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri