Navoiy viloyati ta’lim tizimida sifat ko‘rsatkichlari yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
Mamlakatimizda ta’lim sohasini rivojlantirish, yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish va ularni xalqaro talablar asosida tayyorlashga qaratilgan islohotlar o‘z samarasini bermoqda. Bu borada Navoiy viloyati umumta’lim maktablarida qayd etilayotgan natijalar ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan tizimli ishlar izchil davom etayotganini ko‘rsatmoqda.
– Joriy o‘quv yili yakunlari tahliliga nazar tashlasak, viloyatimiz maktablarida ta’lim olayotgan o‘quvchilarning bilim darajasi, fanlarni o‘zlashtirishi hamda oliy ta’limga tayyorgarlik ko‘rsatkichlari sezilarli darajada o‘sganini ko‘rish mumkin, – deydi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi sho‘’ba boshlig‘i Sayohat Qo‘ziyeva. – Jumladan, oliy ta’lim muassasalariga muddatidan oldin talaba bo‘lgan bitiruvchilar soni yildan-yilga ortib bormoqda. Agar o‘tgan o‘quv yili yakunlariga ko‘ra 321 nafar bitiruvchi grant asosida muddatidan oldin talabalik baxtiga muyassar bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilda ularning soni 484 nafarga yetdi. Bu esa bir yil ichida mazkur ko‘rsatkich 163 nafarga yoki qariyb 51 foizga oshganini anglatadi. Mazkur natija maktablarda iqtidorli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash, ularning qobiliyatini erta aniqlash va maqsadli tayyorlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar samaradorligini yaqqol namoyon etmoqda.
Ta’lim sifatining muhim mezonlaridan biri o‘quvchilarning xalqaro maydondagi raqobatbardoshligidir. Bu borada ham Navoiy viloyati yoshlari munosib natijalarni qayd etmoqda. O‘tgan o‘quv yilida dunyoning TOP-500 talik nufuzli oliy ta’lim muassasalariga 17 nafar bitiruvchi qabul qilingan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 40 nafarga yetdi. Bu esa ikki barobardan ziyod o‘sish demakdir.

So‘nggi yillarda milliy va xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritish ham ta’lim sifatini baholashning muhim mezonlaridan biriga aylandi. Bu yo‘nalishda ham maktab o‘quvchilari yuqori natijalarga erishmoqda. Agar o‘tgan o‘quv yilida 10-11-sinf o‘quvchilari tomonidan 6 ming 349 ta sertifikat olingan bo‘lsa, joriy o‘quv yili yakuniga ko‘ra ularning soni 14,5 mingtaga yetdi.
Sertifikatlar sonining qariyb ikki yarim barobarga oshishi o‘quvchilarning o‘z ustida ishlashga bo‘lgan intilishi, ta’lim muassasalarida yaratilgan imkoniyatlar va pedagoglarning samarali mehnati natijasidir.
Erishilayotgan yutuqlar ortida ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan aniq maqsadli chora-tadbirlar, pedagog kadrlar malakasini yuksaltirish, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini joriy etish va o‘quvchilarni xalqaro baholash tizimlariga tayyorlash bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar yotibdi.

Eng muhimi, Navoiy viloyati ta’lim tizimida kuzatilayotgan o‘sish nafaqat son jihatidan, balki eng avvalo sifat ko‘rsatkichlari orqali namoyon bo‘lmoqda. Bu esa kelajakda mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘sha oladigan bilimli, raqobatbardosh va zamonaviy dunyoqarashga ega avlodni tarbiyalash yo‘lida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri