Navoiy shahridagi 18-maktab — yutuqlar maskani
FOTOREPORTAJ
Navoiy shahar 18-umumta’lim maktabida 1975 nafar o‘quvchi tahsil olib, ularga 99 nafar oliy ma’lumotli pedagog ta’lim bermoqda. Maktabda 58 ta sinf, 28 ta fan va 8 ta sport to‘garagi faoliyat ko‘rsatadi. Ta’lim muassasasi yopiq sport zali, stadion, 54 ta kompyuter hamda 8 ta elektron doska bilan jihozlangan.
Maktab jamoasining yutuqlari yil sayin ortib bormoqda. 2024/2025 o‘quv yilida boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari N. Poleuk va G. Chinnazarovaning ilg‘or tajribasi respublika miqyosida ommalashtirildi. Shuningdek, o‘qituvchi Gavhar Xo‘jayeva “Yilning eng yaxshi o‘zbek tili o‘qituvchisi” tanlovining viloyat bosqichida 3-o‘rinni egalladi.
O‘quvchilar ham fan olimpiadalari va xalqaro tanlovlarda yuqori natijalarga erishmoqda. 11-sinf o‘quvchilari Hasan va Husan Jahongirovlar SAT xalqaro testida yuqori ball to‘plab, xalqaro sertifikatlarga ega bo‘ldi. Husan Jahongirov viloyat fan olimpiadasida 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
[gallery-27448]
2024/2025 o‘quv yilida maktab bitiruvchilarining 90 foizdan ortig‘i oliy ta’lim muassasalariga qabul qilindi. Shuningdek, maktab xorijiy tillar bo‘yicha tanlovlarda sovrinli o‘rinlarni egallab, 75 va 50 million so‘mlik mukofotlarga sazovor bo‘ldi. Maktab kutubxonasida 25 mingdan ortiq kitob mavjud.
Siroj ASLONOV (surat), O‘zA