Navoiy bilan Uchinchi Renessansga
Quyosh Sharqdan chiqadi. Yer yuzining har bir nuqtasiga Sharq allomalarining tafakkur yog‘dulari bilan ilm-ma’rifat mash’ali kirib borgan. Yer yuzining hali insoniyat qadami yetmagan joylarini Sharq allomalarining ilmiy qarashlari zabt etgan.
Insoniyatning eng buyuk ixtirolarida, eng olamshumul kashfiyotlarida ham bobolarimizning ilm yog‘dusi muhim ahamiyatga ega bo‘lganligini dunyo tan olmoqda. Islom madaniyatida, uning insonparvar din ekanligini yoyishda, oddiy xalqqa tushunarli qilib sharh etishda bizning bobolarimizga teng keladigan allomalar bo‘lmagan.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, insoniyat jamiyati taraqqiyoti doimiy yangilanish, o‘sishni boshdan kechirgan. Har bir madaniy ko‘tarilish o‘zigacha bo‘lgan yutuqlarni jamlagan, boyitgan va yangi-yangi yo‘nalishlarni birlashtirib, olg‘a siljishda davom etgan.
Lyudmila Soldadzening “Ibn Sino” asarida: “Husayn, qarshingda turli falsafa maktablaridan bahs etuvchi misoli zilol suvli katta-kichik ko‘zalar turibdi. Geraklit, Demokrit, Platon, Aristotel... Sen hamma ko‘zadan ichib, bahramand bo‘lding. Ayt-chi, bu ko‘zalardagi suvlarning manbai qayerda, ular qaysi quduqdan? ... bu quduq sening hovlingda, u zardushtiylik ta’limotidan barpo bo‘lgan”, - degan fikr keltirilgan. Ko‘rinadiki, dunyo taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan, Birinchi Renessansga poydevor bo‘lgan yunon falsafasi, yunon madaniyati ham Sharqdan, uning tengsiz falsafasi – “Avesto”dan ilhomlangan ekan.
Prezidentimiz Parlamentga qilgan murojaatnomasida, mamlakatimiz Mustaqilligining 29 yilligi, O‘qituvchilar va murabbiylar kuni munosabati bilan so‘zlagan, boringki, xalqimiz, davlatimizning ravnaqi, farzandlarimizning kelajagi uchun so‘zlagan har bir nutqida Uchinchi Renessansga poydevor yaratish dolzarb masala ekanligini ta’kidlamoqdalar. Bu masalani strategik vazifa sifatida milliy g‘oya darajasiga ko‘tardilar. Maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi, oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimi hamda ilmiy-madaniy muassasalar Renessansning to‘rt uzviy xalqasi, tayanch ustuni bo‘lishi zarurligini ta’kidladilar. Shu jihatdan, bizning mumtoz adabiyotimiz, adabiy tilimiz, madaniyatimiz va san’atimiz uchun bebaho bo‘lgan ijod namunalarini yaratib ketgan, Ikkinchi Renessans uchun xizmat qilgan Alisher Navoiy ijodi ham farzandlarimizning ongu shuurida bir mayoq o‘laroq porlashiga, biz ko‘zlagan maqsad – Uchinchi Renessansga poydevor bo‘lishiga aminman.
Akademik N.I.Konrad Alisher Navoiyning jahonshumul ijodiy yutuqlarini u yashagan davr bilan bog‘laydi va shu bilan Amir Temur shaxsi va uning davlatchilik faoliyatiga ham ijobiy baho beradi. Alisher Navoiy hayoti bilan, ijodi bilan Amir Temur, Shohrux mirzo, Boysurqur mirzo, Ulug‘bek mirzolar tamal toshlarini qo‘ygan Ikkinchi Renessans – Sharq uyg‘onishiga katta hissa qo‘shdi. U o‘zining kichkinagina 60 yillik hayoti davomida atrofidagi shohu amaldorlar, temuriy shahzodalar, yuzlab shoir-u tarixchilar, yuz minglab oddiy xalqning haqiqiy yo‘lchi yulduziga aylandi. Ularning tafakkuri, dunyoqarashi shakllanishida bemisl xizmat qildi. Haqiqiy adabiyotning kuchi, ta’sirini isbotlab berdi. Haqiqiy ijodkorning hayot tarzi, matlabi qanday bo‘lishi zarurligini ko‘rsatib berdi.
XX asr boshlarida jadid bobolarimiz ham o‘zbek xalqining boy adabiy-madaniy merosini to‘plab, ularni himoya qilib, Alisher Navoiy ijodini o‘zlariga namuna bilib, o‘ziga singdirish orqali yangi adabiyotni yuksaltirishga harakat qilganlar. Chunki o‘zigacha bo‘lgan adabiyotni, ma’naviy xazinani o‘zlashtirmasdan turib, yangi davr adabiyotini yaratish, uning jahon adabiyotlari sirasiga ko‘tarilishi mumkin emasligini, Navoiy ijodisiz millatni uyg‘otib bo‘lmasligini, taraqqiyotga erishib bo‘lmasligini yaxshi tushunganlar. Shu jihatdan, “Chig‘atoy gurungi” va boshqa ilmiy-madaniy tashkilotlarda dastlab Navoiy davri adabiyoti, tili, ilmi hamda madaniyatini o‘rganishga chaqiriq sezilgan. Jahon adabiyotida yangi sahifa yaratgan Navoiy qalami jadidchilar uchun zamon timsoliga aylangan.
bugungi globallashgan, axborot oqimi tezlashgan zamonda o‘zligini saqlab qolgan, farzandlariga ta’lim-tarbiya berishda to‘g‘ri yo‘ldan borayotgan millatgina taraqqiyotga erishishi kunday ayon bo‘lmoqda.
Farzandlarimizga oq-qorani tanitishda, ularning tafakkurini shakllantirishda, insonparvar, vatanparvar, xalqparvar, oilaparvar, adolatli, odobli, bir so‘z bilan aytganda, haqiqiy Odam bo‘lishida Navoiy hazratlarining betimsol asarlari bizga juda asqotadi.
Mashhura Hasanova,
SamDU katta o‘qituvchisi,
Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori.