“Navoiy” asari qayta chop etildi
Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga
Ikkinchi jahon urushining suronli yillari. O‘zbekiston xalqi front ortida g‘alabaga hissa qo‘shish uchun mehnat qilayotgan, ko‘chirilganlarga o‘z uyidan boshpana berib, nonini baham ko‘rayotgan og‘ir damlar...
Ana shunday chog‘da ham, mashaqqat qancha zalvorli bo‘lmasin, suronli davr o‘zbek adabiyotiga Navoiy obrazini berdi.
Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybek iste’dodining mahsuli o‘laroq yaratilgan “Navoiy” romani tarixiy-badiiy janrning yuksak namunasi bo‘lib qoldi. Yozilganidan buyon asar avlodlarga ma’naviyatdan cheksiz saboq berib, estetik zavq ulashib kelayotir.
O‘tgan yillar davomida “Navoiy” romani qayta-qayta chop etilgan. Har bir nashri o‘zicha bir hodisa. So‘z mulkining sultoni haqidagi badiiy san’at asari bu gal Navoiy tavalludining 580 yilligi arafasida “O‘zbekiston”nashriyoti jamoasi birdamligida yangi to‘n kiydi. Kitob muqovasida ulug‘ shoir yana bir mo‘yqalam ustasi, rassom Abdulhay Abdullayev yaratgan portret qiyofasida millatga yiroqdan umid bilan, ishonch bilan boqib turibdi.
Bugunning kitobxoniga asar sirlarini ochmoqchi. Millat dahosining hayoti va ijodi badiiy ifoda etilgan roman o‘quvchisini kutmoqda. O‘ylaymizki, kelajagimiz egalari ota-onalari kabi mazkur san’at namunasini maroq bilan mutolaa qiladilar. So‘z sehridan hayratlanadilar, zaxiralarini ma’nan boyitadilar.
Navoiy bobomizga yanada yaqinlashtirishi uchun kitob sahifalari o‘sha zamon ruhiga mos bezalgan.
O‘zA