Navoiy aeroporti xalqaro yuk tashuvlar markazi sifatida mustahkamlanmoqda
Navoiy xalqaro aeroportida yuk tashuvlari hajmi izchil oshib, u Markaziy Osiyodagi muhim tranzit nuqtalardan biriga aylanib bormoqda.
Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-fevraldagi “Navoiy xalqaro aeroporti faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Qarorda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash hamda aeroport infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor va yaratilayotgan keng imkoniyatlar natijasida aeroport orqali amalga oshirilayotgan xalqaro yuk reyslari soni ortib, yangi hamkorliklar yo‘lga qo‘yilmoqda.

Jumladan, 2026-yil 11-aprel kuni Fransiyaning nufuzli yuk tashuvchi aviakompaniyasi – CMA CGM Air Cargo tomonidan Gonkong – Navoiy – Parij yo‘nalishida ilk texnik qo‘nish amalga oshirildi.
– Mazkur aviakompaniya dunyoda yirik yuk operatori hisoblanadi, – deydi aeroportning tijorat bo‘limi boshlig‘i Aziz Mardonov. – CMA CGM Air Cargo 2024-yil avgust-noyabr oylarida ham Navoiy xalqaro aeroporti orqali texnik qo‘nishlarni amalga oshirgan edi. Biroq o‘sha davrda aviayoqilg‘i yetkazib berishdagi uzilishlar sababli parvozlar Ozarbayjonning Boku xalqaro aeroportiga yo‘naltirilgan. So‘nggi oylar davomida aviakompaniya bilan olib borilgan samarali muzokaralar va konstruktiv hamkorlik natijasida qatnovlarni yana Navoiy xalqaro aeroporti orqali tiklashga erishildi. Hozirgi kunda Xitoydan Yevropaga yo‘nalgan yuk qatnovlarini Navoiy orqali amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Ushbu aviakompaniya tomonidan Gonkong – Navoiy – Parij hamda Gonkong – Navoiy – Bryussel yo‘nalishlarida haftasiga 11 ta qatnov muntazam tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

Mazkur tashabbus Navoiy xalqaro aeroportining xalqaro logistika markazi sifatidagi o‘rnini yanada mustahkamlash, tranzit yuk oqimini oshirish hamda mamlakatimizning global transport yo‘laklaridagi ahamiyatini kuchaytirishga xizmat qiladi.
A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri