Navoiy – adolat quyoshi
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi munosabati bilan “Adolat quyoshi” deb nomlangan tadbir o‘tkazildi.
“Ilgimdan kelgunicha zulm tig‘in ushotib, mazlum jarohatig‘a intiqom malhamin qo‘ydim” degan mutafakkir bobokalonimiz o‘z asarlarida har qanday siyosatning mezoni adolatga asoslansagina mamlakat poydevori mustahkam bo‘lishi, yomonlar jazolanib, mazlumlarga shafqat qilinsa, bu boshqalarga ibrat bo‘lishini ko‘p bor ta’kidlagan.


So‘zga chiqqanlar Alisher Navoiy buyuk davlat arbobi sifatida xalqparvarlik, adolatparvarlik, tinchlikparvarlik g‘oyalarini asarlarida keng targ‘ib etib, siyosatdagi halol, pok, vijdonli hukumat vakillari, obro‘-e’tiborli ulamolarni ko‘klarga ko‘targanini qayta-qayta e’tirof etishdi. Buyuk shoir asarlaridagi davlatchilik asoslari, taraqqiyot sari yuz tutgan jamiyat muammolari, inson huquqi masalalariga ham jiddiy e’tibor qaratilgani alohida ta’kidlandi.
Ha, inson baxt-saodati, qonun ustuvorligi Navoiy faoliyatida muhim o‘rin tutgani, shubhasiz.


Toshkent shahar IIBB Kadrlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Muhabbat Ahmedova shunday dedi:
– Bugun guvohi bo‘layapmizki, Alisher Navoiyning insoniylik, borliqqa oid ko‘plab fikrlariga Yevropa olimlari ham tan berayapti. Navoiy asarlarini o‘z tilida tarjima orqali o‘qigan dunyo xalqlari bugun hayajon va hayratlarini yashira olishmayapti. Hech bir soha yo‘qki, ulug‘ shoir qalamga olmagan bo‘lsin. Bugun yanada teran tushunayapmizki, biz kattalardan tortib farzandlarimiz ham, Navoiyni ko‘p va xo‘p o‘qishimiz shart va zarur ekan.

Tadbirda Navoiy asarlaridan she’riy parchalar o‘qildi, sahna ko‘rinishlari ijro etildi.
Yangragan kuy va qo‘shiqlar Toshkent shahar IIBB xodimlarining nafaqat jinoyatchilikning oldini olish, jamoat tartibini saqlash va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, balki ma’naviy va ma’rifiy sohada ham izlanuvchan va faol ekanligini namoyon qildi.
O‘zA