“Navbahor” va “Ayaks” klublari hamkorlik qiladi
Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish borasida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar jarayonida millionlar o‘yini hisoblangan futbolning ommaviyligini oshirish, bu borada zarur infratuzilmani shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil sentabr oyida Namanganga tashrifi chog‘ida viloyat faollari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda berilgan topshiriqqa muvofiq, “Navbahor” professional klubiga qarashli futbol maktabini uch yil muddatga Niderlandiyaning dunyoga mashhur “Ayaks” klubi futbol akademiyasi boshqaruviga berish yuzasidan muhim kelishuvga erishildi.
Mazkur topshiriq ijrosi doirasida Namangan viloyati sport boshqarmasi Yevropa Chempionlar ligasining uch karra g‘olibi, UEFA kubogi sohibi – Amsterdamning “Ayaks” futbol klubi bilan hamkorlik memorandumi imzoladi.
Hamkorlik memorandumiga asosan, Yevropa futboli akademiyasining tajribali murabbiylari, skaut va metodistlaridan iborat 11 nafar mutaxassis Namanganga jalb etildi. Ushbu kadrlar viloyatdagi futbol infratuzilmasi va yoshlar tayyorlash tizimi bilan yaqindan tanishadi.
Namangan viloyati hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi raisi Shavkat Abdurazzoqov yurtimizga tashrif buyurgan "Ayaks" klubi murabbiylarini qabul qildi.
Uchrashuvda "Navbahor" va “Ayaks” futbol klublari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, tajriba almashish va yosh futbolchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqotda Niderlandiyadan kelgan mutaxassislar — Raymond Atteveld va Djoui Kraaybek ishtirok etib, O‘zbekistonda faoliyat yuritish rejalari hamda kelgusidagi qo‘shma loyihalar yuzasidan o‘z taklif-mulohazalarini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, Namangan viloyati sport boshqarmasi boshlig‘i Akramjon Dadaboyev boshchiligidagi delegatsiya yaqinda Niderlandiyada xizmat safarida bo‘lib, Namanganda zamonaviy Yevro-futbol maktabini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishgandi.
E’tirof etish joizki, ushbu hamkorlik Namangan futbolining xalqaro tajriba asosida rivojlanishi, yosh iste’dodlarni kashf etish va professional futbolchilarni tayyorlashda yangi bosqichni boshlab beradi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA