Narkotik moddalarning muomalasida nazorat kuchaytiriladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida «Narkotiklar va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, qonun loyihasining maqsadi – giyohvandlikka hamda narkojinoyatlarga qarshi kurashish sohasini tartibga solishdan iborat.
Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida ayrim normalar takomiliga yetkazilgani, jumladan, giyohvandlik (narkomaniya), zaharvandlik (toksikomaniya), prekursorlar, psixotrop moddalar, g‘ayriqonuniy narkolaboratoriya kabi asosiy tushunchalarga batafsil ta’riflar berilgani aytib o‘tildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida nazoratga olinadigan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Loyihada tibbiyot ehtiyojlari uchun bunday moddalardan foydalanishning qonuniy asoslari, tartibi va zarur kafolatlarini aniq belgilashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Muhokamalarda qator taklif-mulohazalar bildirildi. Yig‘ilishda yana bir qator masalalar ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
M.Komilova,
O‘zA