Namanganliklarning shukronalik ifodasi
Jonajon diyorimizda muborak Qurbon hayiti zo‘r shodu xurramlik va shukronalik kayfiyatida nishonlamoqda. Xususan, erta saharda Namangan viloyatidagi 188 ta masjidda hayit namozlari xursandchilikda ado etildi. E’tiborlisi, bayram arafasida viloyatda yangitdan qurilib foydalanishga topshirilgan 2 ta namozgoh – Uychi tumanidagi “Devonabegi” va “Hizr” jome masjidlarida yuksak ko‘tarinkilik va ko‘zlarda quvonch bilan toat ibodat o‘qildi.
Chortoq tumani markazidan 50 kilometr olisda joylashgan Baliqko‘l mahallasida diniy marosim bayramona ruhda o‘tdi. Bu muazzam go‘shada Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan xalqimizning boy, qadimiy diniy-ma’naviy merosini tiklash va faol targ‘ib etish, buyuk ajdodlarimizning tabarruk qadamjolarini obod qilish bo‘yicha salmoqli ishlar bajarildi. O‘z davrining yetuk allomasi, tasavvuf ta’limotining yirik namoyandasi Sulton Uvays Qaraniy nomi bilan ataladigan yodgorlik majmuasi bunyod etildi. Ushbu ziyoratgoh bugungi kunda nafaqat O‘zbekistonimiz, balki, yaqin qo‘shni va xorijiy davlatlardan kelayotgan mehmonlar uchun qutlug‘ turizm maskaniga aylandi.

“Sulton Uvays Qaraniy” jome masjidiga toat-ibodatga oshiqqan 1 ming 500ga yaqin mo‘min-musulmonlar yurtimizda ulug‘ allomalarimizning boy ilmiy va ma’naviy merosini targ‘ib etish, fuqarolarning e’tiqod erkinligi ta’minlanayotganligini dildan his qilishdi.
Namangan shahrining Yangi yo‘l mahallasidagi “Miryoqubboy Mirhakimboy” jome masjidiga subhidam oshiqqan to‘rt mingga yaqin vatandoshlarimiz yurt tinchligi va el farovonligi bardavom, dehqonchiliklar barakali bo‘lishini tilab, duoga qo‘l ochishdi. Darvoqe, bundan 143 yil avval qurilgan ushbu masjidning eskirgan binosi o‘rnida 3,5 ming kishiga mo‘ljallangan yangi uch qavatli xonaqox qurildi.

– Shunday dorilomon kunlarga yetkazganiga ming shukr, bir vaqtlar Hayit kunlarini bayram qilish haqida o‘ylash tugul, hatto masjidlarga ham xotirjam borolmasdik, –deydi mehnat faxriysi Qobiljon Isoqov. – Yurtboshimizning alohida farmon va qarorlari bilan hayit kunlari alohida bayram va qo‘shimcha dam olish kunlari sifatida belgilandi. Prezidentimizning xalqimizga yo‘llagan Qurbon hayiti tabrigi barchamizga mamnuniyat bag‘ishladi. Ayni kunlarda viloyatimizdan 1 ming 600 dan ortiq hamyurtlarimiz Saudiya Arabistonining Makka shahrida Haj ziyoratining asosiy amallarini bajarib, duoi qurbonliklar qilmoqda. Haj kvotalarining yil sayin oshayotganligi muqaddas safar ilinjidagi qanchadan qancha insonlarning orzusini ushalishiga katta turtki beradi. Aytish kerakki, 1991 yilga qadar shahrimizda atigi uchta masjid faoliyat yuritgan bo‘lsa, mustaqillik sharofati bilan, ayniqsa, so‘nggi yillarda fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlashga qaratilayotgan alohida e’tibor tufayli hozirga kelib masjidlarimiz soni 190 dan oshdi.
Qurbon hayiti saxovat va mehru oqibat ayyomi sifatida ham yuksak qadrlanadi. Hokimliklar mutasaddilari, mahalla faollari, imom xatiblar, qo‘li ochiq tadbirkorlar tashabbusi bilan erta tongdan ehtiyojmand oilalar, nogironligi bor va uyida yotib qolgan bemorlar holidan xabar olinib, ularga muruvvat ko‘rsatilmoqda.
Darhaqiqat, xalqimiz ma’naviy hayoti, milliy qadriyat va an’analarimizning ajralmas bir qismi bo‘lgan, muqaddas islom dinining insonparvarlik mohiyatini yaqqol ifoda etadigan Qurbon hayitini munosib nishonlash, jamiyatimizda o‘zaro hurmat, mehr-oqibat, xayr-saxovat va shukronalik tuyg‘ularini kuchaytirish, yoshlarimizda yuksak insoniy fazilatlarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA