Namanganlik talaba-qizlar “Zakovat”da bahslashdi
Mamlakatimizda yoshlarning sifatli ta’lim olishi uchun zarur sharoitlarni yaratish, shu jumladan xotin-qizlarning ijtimoiy hayotdagi faolligini qo‘llab-quvvatlash, intellektual salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida Namangan viloyatining Davlatobod tumanidagi “Yangi O‘zbekiston – yoshlar ziyo maskani” axborot kutubxonasida “Zakovat” musobaqasi o‘tkazildi.


O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Namangan viloyati kengashi tashabbusi bilan O‘zMTDP dasturiy vazifalari ijrosi doirasida uyushtirilgan mazkur tadbirda viloyatdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari talaba qizlari ishtirok etdi. Xususan, bilimlar tanlovi Namangan muhandislik-texnologiya instituti, Namangan davlat chet tillar instituti va Namangan muhandislik-qurilish institutining talaba qizlaridan iborat 22 ta jamoa o‘rtasida qizg‘in bahs-munozaralarga boy tarzda kechdi.
Eng zukko va bilimdon qizlar partiya viloyat kengashining maxsus sertifikati, tashakkurnoma, rag‘batlantiruvchi mukofot va kitoblar to‘plami bilan taqdirlandi. Shuningdek, g‘olib jamoalarga 1 million 500 ming, 1 million va 500 ming so‘m miqdoridagi pul mukofotlari ham taqdim qilindi.


Oqilxon Dadaboyev, O‘zA