Namanganlik nuroniylarning vodiy sayohati
Namangan viloyatida keksalarni e’zozlash, ularning maroqli dam olishlarini tashkil etish borasida bir qator xayrli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Bundan ko‘zlangan pirovard maqsad, mehnat faxriylarini e’zozlash barobarida ularning boy hayotiy tajribalarini yoshlarga keng targ‘ib qilish hamda yoshlarga hayotning achchiq va shirin taraflarini to‘laqonli ochib berishda keksalarning tajribalaridan unumli foydalanishdir.

Nuroniylar jamoatchilik kengashi, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi hamkorligida har bir shahar va tumanlarda yashovchi, uzoq yillar davomidagi halol mehnatlari bilan yurtimiz rivojiga hissa qo‘shgan, hozirgi kunda keksalik gashtini surayotgan nuroniylar ro‘yxati shakllantirildi. Takliflardan kelib chiqqan holda nuroniylar ishtirokida kunlik sayohatlar uyushtirilmoqda. Xususan, ana shunday mazmunli safarlardan biri tarixda xonlik davri sifatida o‘chmas iz qoldirgan Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahriga bo‘ldi.
Bu zamin taraqqiyotga erishgan manzillardan biri hisoblanadi, bu go‘shada ko‘plab davlat va jamiyat rivojiga hissa qo‘shgan insonlar yashab, tarixda nom qozongan. Qo‘qon shahriga borgan keksalarimiz “Dahmai Shoxon” majmuasiga uyushtirilgan sayohatdan birdek zavq olishdi. Nodirabegim qabrini ziyorat qilinib, ulug‘ shoir ruhi shod etildi. Qo‘hna zamindagi davlat muzeyi, tarixiy shaharning e’tiborga molik yodgorliklari bo‘ylab tashrif ham unutilmas taassurotlar qoldirdi.
Qayd etish joiz, keksalar xavfsiz sayohatlari uchun yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari kuzatib bordi, karantin talablariga rioya qilish maqsadida tibbiyot birlashmasi shifokori jalb qilindi, madaniy hordiq chiqarish uchun madaniyat boshqarmasi san’atkorlari hamrohlik qildi.

Namangan viloyati bo‘ylab tashkil etilgan sayohat ham nuroniylarga manzur bo‘lmoqda. Jumladan, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi ochiq osmon ostidagi muzey – “Axsikent” tarixiy yodgorligi, Ishoqxon to‘ra Ibrat muzeyi, Namangan shahridagi “O‘n bir Ahmad” ziyoratgohi, “Afsonalar vodiysi” majmuasidagi “Yusufxon o‘g‘li Qosimxon” masjidi, Chortoq tumanidagi Sulton Uvays Qaraniy ziyoratgohi bilan tanishuv keksalarga katta taassurot qoldirdi.
Keksalarimiz buyuk shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tug‘ilgan Axsikent tarixiy yodgorligi, u kishining otalari Umarshayx Mirzo davrida aholining madaniyati, ishlatgan uy-ro‘zg‘or jihozlari va boshqa tarixiy manbalar bilan tanishdi. To‘raqo‘rg‘on shahridagi “Ibrat” muzeyida esa o‘tgan asrning 1930-1940 yillari gavdalantirilgan. Joriy yilda qaytadan ta’mirlangan “O‘n bir Ahmad” ziyoratgohi viloyat markazining e’tiborga molik ziyorat maskanlaridan biriga aylangan. Bu yerdagi “Yusufxon o‘g‘li Qosimxon” masjidi barchaning diqqat-e’tiborida bo‘ldi.
– Ochig‘i, televizorda ko‘rsatuv tomosha qilish boshqa, uni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rish boshqa ekan, juda katta ma’naviy ozuqa oldim, taassurotlarimni farzandlarim va nabiralarimga yetkazaman. Safar bilan bog‘liq xarajatlarni zimmasiga olib, sayohat uchun avtotransport vositalarini ta’minlab bergani uchun viloyat “Mahalla” xayriya fondidan minnatdormiz. Yurtimizda keksalarimizga berilayotgan yuksak e’tibor, umrimizga yana umr qo‘shishi shubhasiz, – dedi Yangi Namangan tumanidagi “Ishonch” mahalla fuqarolar yig‘ini faoli Ma’muraxon Qoriyeva.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.