Namanganlik lider ayollar soni ortmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan gender tenglikni ta’minlash, ayollarning ijtimoiy va siyosiy hayotdagi rolini oshirish, ularning qonuniy huquqlarini himoya qilish hamda davlat va jamiyat hayotidagi o‘rnini mustahkamlash maqsadida 2024 yil 10 fevralda qabul qilingan qarorga asosan 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini joriy yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi.
Mazkur dasturda siyosatchi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga e’tiborni kuchaytirish hamda zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlar yaratish muhim ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Aynan Namangan viloyatida so‘nggi yillarda bir qator salmoqli ishlar amalga oshirilganligini ta’kidlab o‘tish darkor.

Bugungi kunda Namangan viloyatida istiqomat qilayotgan xotin-qizlarning 293 ming 231 nafari oliy ma’lumot, 410 ming 524 nafari o‘rta maxsus, 256 ming 252 nafari umumiy o‘rta ma’lumotga ega. Olima ayollar 150, rahbar ayollar 748, deputat ayollar 60, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohiblari 30 nafarni tashkil qilmoqda. E’tiborlisi, viloyatdagi olima ayollarning 20 nafari professor ilmiy unvonlariga ega. Ayni paytda 400 dan ortiq ayollar ilmiy tadqiqot ustida izlanmoqda.
– Faol opa-singillarimizning ulushi tibbiyot sohasida – 81 foiz, oliy, professional, maktabgacha va maktab ta’limi sohasida – 72,7 foiz, iqtisodiyot va sanoat tarmoqlarida esa 36 foizni tashkil etmoqda, – deydi Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari, viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Dinara Yaqubova. – Ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda rahbarlik qilayotgan ayollar ulushi 12,8 foiz bo‘lib, oxirgi uch yilda ayollarning boshqaruv sohasidagi ulushi uch foizga oshganligini e’tirof etish joiz. Bu o‘z navbatida, viloyatda xotin-qizlarning jamiyatdagi gender tenglik salmog‘i ortib borayotganligini anglatadi.

Jamiyatda xotin-qizlarni ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish natijasida o‘rta va yuqori bo‘g‘indagi boshqaruvda rahbar ayollarning ulushi o‘sib bormoqda. Bilimli, tashabbuskor va har sohada faol bo‘lgan 954 nafar xotin-qiz davlat va jamoat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat ko‘rsatmoqda. Qizlarni oliy ta’lim olishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan dasturlar doirasida har yili ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalardagi 150 nafar talaba yoshning jami 1 milliard 31 million 946 ming so‘m miqdoridagi kontrakt to‘lovlari mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan qoplab berildi.
Quvonarlisi, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlariga muvofiq, respublika Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi tavsiyasi bilan namanganlik 148 nafar xotin-qiz imtiyozli ravishda oliy ta’lim muassasalari talabasi bo‘lish baxtiga erishdi.

Bundan tashqari, Hukumat qarorlari bilan ta’sis etilgan imtiyozlar asosida har yili 150 dan ortiq ehtiyojmand oiladagi qizlar va mutaxassisligi bo‘yicha besh yillik stajga ega bo‘lgan 20 dan ziyod xotin-qiz kvotalangan parametrlar doirasida tavsiyanoma asosida oliy ta’lim muassasalariga qabul qilindi.
Viloyatda istiqbolli va sifatli kadrlar zaxirasini tayyorlash maqsadida oliy ta’lim dargohlarini tamomlagan 6 ming 906 nafar ayol-qizning 4 ming 94 nafari ishga joylashtirildi. 2 ming 812 nafar bitiruvchi qiz esa ta’limni keyingi bosqichini davom ettirish istagini bildirdi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA